18:22 / 18.09.2018
16117

O‘zbekiston va Qozog‘iston «Markaziy Osiyo shengeni» masalasi bo‘yicha yechim topishga yaqin

Qozog‘iston madaniyat va sport vaziri Aristanbek Muhammado‘g‘li Markaziy Osiyo «shengeni»ni yaratish istiqbollari haqida so‘zlab berdi, deb xabar qilmoqda «Kazinform».

Vazirning xabar berishicha, bugungi kunda mamlakat transport aloqalarini yaxshilash, viza rejimini soddalashtirish kabi qator muhim masalalarni hal qilishi kerak.

«Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida vizalarni o‘zaro tan olish masalasiga yechim topish qarori oxiriga yetib qoldi. Mintaqadagi qo‘shnilarimiz - Qirg‘iziston va Tojikiston bu masalaga qiziqish bildirmoqda. Biz umumiy til topishga muvaffaq bo‘lsak, unda istiqbolda o‘ziga xos Markaziy Osiyo «shengeni»ga ega bo‘lamiz, bu sayyohlarning qo‘shimcha oqimini ta'minlab beradi», - dedi Muhammado‘g‘li Ipak yo‘li ishtirokchi davlatlari xalqaro forumida chiqish qilib.

Amaldorning ta'kidlashicha, Qozog‘iston O‘zbekiston bilan transchegaraviy barqaror turmahsulotlarni ishlab chiqishdan manfaatdor. Uning so‘zlariga ko‘ra, davlatlarning hududlari resurslarning mavjudligi jihatidan muvaffaqiyatli tarzda bir-birini to‘ldiradi.

«O‘zbekiston fuqarolari orasida Turkiston juda mashhur. Buxoro, Xiva va Samarqand esa turizm durdonalari sanaladi», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi vazir.

Top