13:51 / 03.09.2019
8
30950

Ayollarni tazyiqlardan himoya qilish to‘g‘risida qonun imzolandi

Foto: Dominic Lipinski/PA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 17 avgustda qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 yil 23 avgustda ma'qullangan.

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi quyidagi huquqlarga ega:

o‘ziga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilganligi yoki ularni sodir etish tahdidi to‘g‘risidagi ariza bilan tegishli vakolatli organlarga hamda tashkilotlarga yoxud sudga murojaat etish;

maxsus markazlarda, shuningdek bepul telefon liniyasi orqali tekin huquqiy maslahat, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish;

ichki ishlar organlariga himoya orderi berish to‘g‘risidagi talab bilan murojaat qilish, himoya orderi shartlari buzilgan taqdirda esa, ularni bu haqda xabardor qilish;

sodir etilgan tazyiq va zo‘ravonlik natijasida o‘ziga yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanishi hamda ma'naviy ziyon kompensatsiya qilinishi to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat etish.

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash hamda ma'naviy ziyonni kompensatsiya qilish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat etganda davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.

Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi gender siyosatini, davlat dasturlarini hamda strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka doir murosasizlik muhitini yaratish;

xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilinishini ta'minlash;

jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qonuniylikni mustahkamlash;

xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, ularni aniqlash, ularga chek qo‘yish uchun samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni yaratish;

xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilishiga olib keladigan sabablar hamda shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish;

tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamkorligini ta'minlash.

Qonunda xotin-qizlarni tazyiqlar va zo‘ravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi vakolatli organlar ko‘rsatib o‘tilgan.

Mazkur organlar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchini unga tushunarli tilda himoya mexanizmlari, ko‘rsatiladigan yordam va xizmatlar turlari to‘g‘risidagi axborot bilan tanishtirishi shart.

Xususan, ichki ishlar organlari tazyiq va zo‘ravonlik to‘g‘risida og‘zaki yoki yozma xabar olganda bunday harakatlarga chek qo‘yish va ularning oldini olish yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan yakka tartibdagi chora-tadbirlar ko‘rishi shart.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top