12:30 / 18.06.2019
107156

Gulnora Karimovaning advokati mijozining ahvoli yaxshi emasligini ma'lum qildi

Gulnora Karimovaning shveysariyalik advokati Greguar Manja tvitterida mijozining ahvoli yaxshi emasligi haqida ma'lum qildi. 

«Zangiotadan qaytyapman. Mijozimning ahvoli og‘ir. Qon bosimi baland. Oyog‘i to‘liq bint bilan bog‘langan. Hech qanday tibbiy yordam ko‘rsatilmayapti. Hushidan ketish holatlari ko‘p kuzatilgan», degan advokat.

U hukumatdan bu tarzda ushlab turish bas qilinishini so‘ragan.

Greguar Manja aprel va may oylarida ham O‘zbekistonga kelgan va  Zangiota tumani hududidagi 21-jazoni o‘tash koloniyasida bo‘lgandi.

May oyi oxirida advokat mijoziga tibbiy yordam ko‘rsatilmayotgani va unga ruhiy bosim o‘tkazilayotgani haqida yozgandi. Bu xabarni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi rad etgan va Gulnora Karimovaning ahvoli qoniqarli ekanini ta'kidlagandi.

Bosh prokuratura mart oyi boshida Gulnora Karimova jazoni o‘tash tartibini buzgani uchun qaytadan qamoqqa olingani haqida xabar bergandi.

«IIV Jazoni o‘tash bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmati taqdimnomasi asosida jazoni o‘tash talabi va shartlarini qo‘pol ravishda buzgani sababli jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan G.Karimovaga nisbatan tayinlangan jazoning qolgan qismini jinoyat-ijro qonunchiligiga muvofiq umumiy rejimdagi koloniyada o‘tash jazosiga almashtirish to‘g‘risida ajrim chiqarildi», – deyiladi Bosh prokuratura tarqatgan xabarda.​

2017 yilning yozida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimova ishi bo‘yicha ma'lumot bergan, unga ko‘ra Gulnora Karimova 2015 yilning avgustida, ya'ni birinchi prezident Islom Karimov davrida qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgani va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangani ma'lum bo‘lgandi.

Keyinroq Gulnora Karimovaga nisbatan firibgarlik, xorijiy valutani yashirish, bojxona qonunchiligini buzilishi bo‘yicha yana bir jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma'lum qilindi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan unga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan

Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, Karimova jinoiy sheriklari yordamida 12ta xorijiy mamlakatda 1,3 milliard AQSh dollar, 63,5 million yevro, 27,1 million funt va 18,5 million frank miqdorida aktivlarni qonuniylashtirgan.

Shveytsariya 2012 yili Jyeneva va Tsyurixdagi banklarda Gulnora Karimovaga qarashli ekani gumonlanaëtgan 800 million frankni muzlatib qo‘ygan. Shveytsariya prokuraturasi bu pulning 686,7 millionini musodara qilish va O‘zbekistonga qaytarish to‘g‘risida qaror chiqargan. 

O‘zbekistonning yangi hukumati insonparvarlik nuqtai nazaridan hamda mahkuma jinoiy yo‘l bilan orttirilgan pul mablag‘larini qaytarish va davlatga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatlarini o‘z zimmasiga olganini e'tiborga olgan holda Gulnora Karimovaga imkon beradi va jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2018 yil 1 iyuldagi ajrimi bilan Karimovaga tayinlangan jazo 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtiriladi.

Ammo shu yilning mart oyi boshida Gulnora Karimova  O‘zbekistonga yetkazilgan zararni qoplashga faol qarshilik qilgani, shuningdek turar-joyni tark etmaslik, aloqa va internet vositalaridan foydalanmaslik kabi cheklovlarni ham qo‘pollik bilan buzgani uchun uy qamog‘idan umumiy rejimdagi koloniyaga o‘tkazildi.

Greguar Manja mijozi Gulnora Karimova bilan 2016 yil dekabri va 2018 yili aprelida ham uchrashgan. U 2018 yilning yozida Karimova va uning saqlanish sharoiti haqida ba'zi tafsilotlarni ma'lum qilgan, unga ko‘ra, apreldagi uchrashuvi davomida mijozining kayfiyati o‘zgaruvchan bo‘lib qolgani, shuningdek, uning toliqqani sezilgani, qabul qilgan dorilari ta'sirida suhbat davomida diqqatini jamlay olmagani haqida yozgandi.

Top