11:30 / 06.07.2020
34431

Putin sovetlar Konstitutsiyasini ittifoq parchalanishida aybladi

RF prezidenti Vladimir Putin «Rossiya 1» telekanaliga bergan intervyusida SSSR Konstitutsiyasida «vaqti-soati kelib portlaydigan mina» bo‘lgani haqida gapirdi. Bu bilan u respublikalar ittifoq tarkibidan ajralib chiqish huquqiga ega bo‘lganini nazarda tutgan.

Foto: kremlin.ru

«Sovet ittifoqi tashkil topgan vaqtda 1922 yilgi Konstitutsiyada «ittifoqchi respublika yagona davlat tarkibidan ajralib chiqishi huquqiga egaligi haqida Lenin tezisi» mustahkamlangan», degan Putin. Uning qayd etishicha, Stalin boshqacha fikrda bo‘lgan, u milliy birlashmalar RSFSR tarkibiga avtonom hudud sifatida kirishi kerakligi haqida gapirgan. Unga ko‘ra, ittifoqdan chiqish huquqi ko‘zda tutilmagandi.

Putin alaloqibat Stalinning emas, Leninning g‘oyasi amalga oshganini, lekin Konstitutsiyada ittifoq tarkibidan chiqish tartibi belgilanmagan bo‘lganini aytib o‘tgan.

«Natijada respublikalar SSSR tarkibidan chiqishda «o‘zi olib kelgan narsalarni emas», «rus xalqidan sovg‘alar»ni o‘zi bilan olib ketgan. Axir bularning hech biri yozilmagandi», — deya qayd etgan Putin.

Putin bunday xatolardan qochish uchun amaldagi Konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish zarur bo‘lgan deb hisoblaydi va zamonaviy Rossiya bunga yo‘l qo‘ymasligi kerakligini ta'kidlaydi. «Bu tuzatishlar bizning davlatchiligimizni mustahkamlaydi va mamlakatimiz keyingi o‘n yilliklarda jadal rivojlanishi uchun sharoit yaratadi», — deya ma'lum qilgan RF prezidenti.

Rossiya prezidentidan «Moskva. Kreml. Putin» dasturi uchun olingan intervyudan parcha «Vesti.ru» saytida e'lon qilindi. Dastur 5 iyul kuni Moskva vaqti bilan soat 22:00da efirga uzatildi.

Putin avvalroq ham sobiq ittifoq respublikalari mustaqil bo‘layotganda, tarixan Rossiya hududi bo‘lgan yerlarni olib ittifoq tarkibidan chiqib ketishganidan noroziligini bildirgani xabar qilingandi.

Shuningdek, u Ikkinchi jahon urushi haqidagi maqolasida Boltiqbo‘yi davlatlarining SSSRga qo‘shilishi qonuniy bo‘lgani haqida yozgandi.

  • Eslatib o‘tamiz, Rossiya Konstitutsiyasiga tuzatishlar kiritish bo‘yicha taklif 2020 yil boshida Putinning o‘zi tomonidan berilgandi. Tuzatishlar ro‘yxatida Putinning prezidentlik muddatlarini nollashtirib, unga 2024 va 2030 yilgi saylovlarda ham nomzodini qo‘yishga imkon beruvchi band ham qo‘shilgan. Asosiy qomusga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha umumxalq referendumi 25 iyundan 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda o‘tkazildi. MSK e'lon qilgan ma'lumotlarga ko‘ra, saylovda ishtirok etganlarning 77,92 foizi tuzatishlarga rozilik bildirgan, 21,27 foizi qarshi bo‘lgan. Ovoz berishda davomat 67,97 foizni tashkil qilgan. 3 iyul kuni Putin Konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi farmonini imzoladi.
Mavzuga oid
Top