Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
C.H.I.P. – 9 dollar turadigan dunyodagi birinchi kompyuter
Rossiyalik ishlab chiqaruvchilar yuridik shaxslarga o‘zlarining “Elbrus-401” kompyuterlarini 200 ming rubldan sotishayotgan bir paytda, Kaliforniyada joylashgan Next Thing Co. kompaniyasi muhandislari narxi 9 dollar turadigan mitti kompyuter ishlab chiqishdi (joriy kurs bo‘yicha 450 rubldan sal ko‘proq). Bu “mittivoy” C.H.I.P. deb ataladi va o‘zining platasida inson qayerda bo‘lishidan qat'iy nazar, o‘zi uchun zarur bo‘lgan dasturlar bilan foydalana oladigan barcha zarur qismlarga ega.

Arduino va Raspberry Pi kabi mikrokontrollyorlar kompyuter txtirochilari orasida juda ommaviylashib ketdi. Ular bu mikrokontrollyorlar negizida yangidan-yangi qurilmalar yaratishmoqda. Biroq bu mikrokompyuterlarning narxi 35-40 dollardan ko‘proqni tashkil qiladi. Ular oldida C.H.I.P. deyarli bepul taklif qilinmoqda. Bu mittivoy o‘zidan nimani namoyon qiladi?
C.H.I.P. 1 GGts takt chastotasida ishlovchi markaziy protsessor, 512 Mb tezkor xotira va operatsion tizim, dasturlar va ma'lumorlar uchun 4 Gb xotiradan tashkil topgan. Mikrokontrollyorda, shuningdek, 802.11 b/g/n, Bluetooth 4.0 simsiz aloqa moduli, USB va microUSB portlari, tasvir va ovozni chiqarish uchun portlar o‘rnatilgan. Plataning o‘lchami bor-yo‘g‘i 6 sm ga 4 sm ni tashkil qiladi.
Bu mikrokontrollyorga qo‘shimcha sifatida VGA (10 dollar) yoki HDMI (15 dollar) portlari orqali tasvirni chiqarish tashqi adapterini sotib olish mumkin. Shuningdek, C.H.I.P. ni to‘laqonli cho‘ntak kompyuteriga aylantirishga imkon beradigan kichik displey va klaviaturaga ega PocketC.H.I.P. gadjyetini ham sotib olish mumkin. Bu gadjyet korpusida 5 soat uzluksiz ravishda ishlashga yetadigan ichki akkumulyator o‘rnatilgan.
C.H.I.P. open source operatsion tizimi ostida ishlaydi. Mikrokontrollyor avvalboshdan o‘z xotirasida ko‘plab foydali dasturlar (Chromium brauzeri, LibreOffice ofis paketi, GIMP grafik muharriri va boshqa) va o‘yinlar saqlaydi. Mikrokontrollyor komplektiga foydalanuvchi agar istasa yangi dasturlarni ishlab chiqishiga imkon beradigan dasturiy ta'minot ham kiritiladi.

Kompyuter yaratuvchilari Kickstarter maydonchasida ushbu kompyuterni ommaviy ravishda ishlab chiqish uchun talab qilingan 50 ming dollar o‘rniga ancha ko‘proq mablag‘, ya'ni 130 ming dollar yig‘ishga muvaffaq bo‘lishdi. Ko‘rinishicha, arzon mikrokompyuter g‘oyasi Kickstarter ning qariyb 3 minga yaqin foydalanuvchilariga manzur bo‘lganga o‘xshaydi. Ilk kompyuterlar xaridorlarga 2016 yil mayidan boshlab yuboriladi, ungacha esa ishlab chiqaruvchilar mavjud ishchi prototip ustidagi ishlarni oxiriga yetkazib, unga qo‘shimcha dasturiy ta'minotni yaratishlari kerak bo‘ladi.