17:53 / 03.05.2018
36807

Mamlakatning ichki chegaralari qayta ko‘rib chiqiladi

Vazirlar Mahkamasining 23.04.2018 yildagi «Ma'muriy-hududiy birliklar chegaralarini belgilash, yer resurslarini xatlovdan o‘tkazish hamda yaylov va pichanzorlarda geobotanik tadqiqotlarni o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 299-son qarori qabul qilindi.
 
Hujjatda yer resurslarini boshqarish sohasidagi ikkita asosiy muammoni hal etishga e'tibor qaratilgan, deb xabar bermoqda Norma.
 
1-muammo. Mamlakat ichidagi ayrim hududlar chegaralari koordinatalar tizimiga bog‘lanmagan. Bu yer hisobotini yuritish, yer ajratish, yer munosabatlarini tartibga solish borasida muammolarga sabab bo‘lmoqda. Joylardagi ichki chegaralarni aniqlashda turli muammolar yuzaga kelmoqda, sababi mintaqalarning ma'muriy chegaralarini belgilash ishlari tizimli tashkil etilmagan.
 
Shu sababli Yergeodezkadastr davlat qo‘mitasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2018–2021 yillar mobaynida ma'muriy-hududiy birliklar chegaralari belgilanishini ta'minlash topshirildi. Shundan so‘ng bir oy muddatda ma'muriy-hududiy birliklar chegaralarini belgilash yoki ularga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga, Jo‘qorg‘i Kengesga hamda xalq deputatlari viloyat Kengashlariga takliflar kiritiladi.
 
Eslatib o‘tamiz, viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘zbekistonning ma'muriy-hududiy birliklari hisoblanadi. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish Oliy Majlisning roziligi bilan amalga oshiriladi (Konstitutsiyaning 68-69-moddalari). Batafsil mexanizm «O‘zbekiston Respublikasida ma'muriy-hududiy tuzilish masalalarini hal etish tartibi to‘g‘risida»gi Qonunda bayon etilgan.
 
2-muammo. Mavjud 21 mln gektar yaylov va pichanzorlardan samarasiz foydalanilmoqda. So‘nggi 25–30 yilda ushbu maydonlarning 35%–40%i degradatsiyaga uchragan, ularning beshdan bir qismida o‘simliklar turi va soni kamayib, hosildorlik 1,5–2 barobarga tushib ketgan.
 
Shu munosabat bilan ushbu davrda (2018–2021 yillarda) yaylov va pichanzorlarda geobotanik tadqiqotlar o‘tkazgan holda yer resurslari xatlovdan o‘tkaziladi. Uning natijalariga ko‘ra Vazirlar Mahkamasiga quyidagilar yuzasidan aniq takliflar kiritiladi:

• Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yer resurslarining toifalari va turlarini o‘zgartirish;
• yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi holatlarini bartaraf etish;
• yer resurslaridan maqsadli va samarali foydalanishni tashkil etish;
• holati yomonlashgan va degradatsiyaga uchragan maydonlarni tiklash yoki konservatsiya qilish.
 
Bundan tashqari, Yergeodezkadastr davlat qo‘mitasining yerdan foydalanish va uni muhofaza qilishni nazorat qilish bo‘yicha davlat inspektorlari tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar, yerdan foydalanuvchilar tomonidan ularga ajratib berilgan yerlardan foydalanish holatini muntazam monitoring qilib borish huquqini oldilar. Bunda yerdan foydalanuvchilarning moliyaviy faoliyatiga aralashish taqiqlanadi.
 
Hujjat 1.05.2018 yildan kuchga kirdi. 

Mavzuga oid
Top