18:32 / 21.12.2018
10203

Tabiiy suv havzalari mahsuldorligini oshirishda baliqlantirish me'yorlari tasdiqlandi

Foto: LiveJournal

Qishloq xo‘jaligi vazirining buyrug‘i bilan Tabiiy suv havzalari mahsuldorligini oshirishda baliqlantirish me'yorlari va texnologiyasi tasdiqlandi.

Tabiiy suv havzalari mahsuldorligini oshirishda baliqlantirish me'yorlari va texnologiyasiga ko‘ra, har bir tabiiy suv havzasining biologik xususiyatidan kelib chiqqan holda tabiiy suv havzasi tegishli o‘simlikxo‘r baliqlar bilan baliqlantiriladi.

Tabiiy suv havzalarida baliq yetishtirish boshlangan vaqtdan keyin 3 yil davomida har yili 1 gektar suv havzasi kamida 50 dona o‘simlikxo‘r baliqlarning chavoqlari bilan baliqlantirilishi lozim. Bunda o‘simlikxo‘r baliqlar chavoqlarining og‘irligi 20 grammdan kam bo‘lmasligi kerak.

Tabiiy suv havzalarining qirg‘oqlarida baliq chavoqlarini yetishtirish uchun chavoq hovuzlari tashkil etilishi mumkin. Bunda har bir chavoq hovuzlarining maydoni 0,5 gektardan ko‘p bo‘lmasligi lozim.

Tabiiy suv havzalarini baliqlantirish maqsadida suvga tashlanadigan baliq chavoqlarining soni va og‘irligi quyidagicha aniqlanadi:

baliq chavoqlarini yetishtiruvchi tashkilotning tegishli mutaxassisi hamda tegishli tuman (shahar) veterinariya bo‘limining ixtiopatologi ishtirokida o‘lchash sig‘imiga ixtiyoriy miqdordagi baliq chavoqlari olinadi;

sig‘imga olingan baliq chavoqlarining tabiiy suv havzasini baliqlantirishga yaroqliligi hamda kasallik alomatlari mavjud yoki mavjud emasligi aniqlanadi;

tabiiy suv havzasini baliqlantirishga yaroqli hamda kasallik alomatlari mavjud emas deb topilgan baliq chavoqlarining og‘irligi o‘lchanadi, ularning soni sanaladi, shuningdek har bir baliq chavog‘ining vazni aniqlanadi.

Tabiiy suv havzasini baliqlantirishga yaroqli hamda kasallik alomatlari mavjud emas deb topilgan baliq chavoqlarini tashish tirik baliq tashishga mo‘ljallangan maxsus transport vositasida amalga oshiriladi.

Bunda, maxsus yelim xaltaning hajmidan kelib chiqib uchdan ikki qismi baliq chavoqlari yashab turgan suv bilan to‘ldiriladi va baliq chavoqlari tashlanadi, shuningdek xalta germetik holda qadoqlanadi. Germetik holda qadoklangan xaltalar maxsus transport vositasining baliqlarni tashishga mo‘ljallangan qismiga joylashtiriladi va tashish amalga oshiriladi.

Tabiiy suv havzasiga baliq chavoqlarini tashlashdan oldin tabiiy suv havzasining tegishli hududida meliorativ ishlar amalga oshiriladi. Bunda, tabiiy suv havzasining tegishli hududidagi suv o‘tlari o‘rib tashlanadi.

Tabiiy suv havzasining tegishli hududida meliorativ ishlar O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hududiy bo‘linmalarining tegishli mutaxassislari ishtirokida amalga oshiriladi.

Maxsus transport vositasida tabiiy suv havzasiga olib kelingan baliq chavoqlarini tabiiy suv havzasiga tashlashdan oldin maxsus transport vositasidagi suvning harorati va tabiiy suv havzasi suvining harorati o‘lchanishi zarur.

Tabiiy suv havzasi suvining harorati maxsus transport vositasidagi suvning haroratidan 5°S farq qilganda maxsus transport vositasidagi suvning harorati tabiiy suv havzasi suvining haroratiga tenglashtirilishi lozim.

Maxsus transport vositasidagi baliq chavoqlarini tabiiy suv havzasiga tashlash tabiiy suv havzasining sayoz bo‘lgan qirg‘og‘ida amalga oshiriladi. 

Mavzuga oid
Top