11:00 / 21.08.2021
59510

Sakkiz qizning ota-onasi: “Qizlarimizni kuchimiz yetguncha qo‘llaymiz”

Jizzax viloyatining Zarbdor tumani Bo‘ston mahallasida istiqomat qiluvchi Abulqosim Mamarasulov xonadonida 8 nafar qiz farzand voyaga yetgan. Ularning barchasi oliy ma'lumotli. Shu yilning o‘zida ulardan biri bakalavr, biri magistr, yana biri fan nomzodi bo‘lishga erishdi.

Qizlarning to‘ng‘ichi Shoira biolaboratoriya bosh laboranti. Dildora – o‘qituvchi. Gulnoz – fan doktori, “Markaziy Osiyo uyushmasi” jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari. Zulxumor – magistr. Madina – o‘qituvchi. Xayriniso – Madaniyat uyi xodimasi. Muxtasar – o‘qituvchi. Muqaddas – talaba, 2021 yilda “Zulfiya” mukofoti sovrindori bo‘lgan.

“Turmush qurganimizga 37 yildan oshdi. 8 qizimiz bor. O‘zimiz ham o‘qiganmiz, hayotda hamma narsaga o‘qiganimiz uchun ham yetishganmiz. Qizlarimiz ham o‘qishini istadik. Ularning o‘zlarida ham o‘qishga intilish kuchli edi – biz ularning xohishlariga qarshi chiqmaganmiz. Chunki turmush o‘rtog‘im ham traktorchi bo‘lishni xohlaganda ota-onasi qarshilik qilishmagan, men ham ota-onamning qo‘llovi bilan yozuvchi bo‘lganman.

Qizlarimizning biri kurash, biri voleybol bilan shug‘ullanishdi yoshlikdan, qarshi bo‘lmadik. Ular o‘z intilishlari bilan harakat qilishdi, biz esa qo‘limizdan kelgancha qo‘llab-quvvatlaymiz”, – deydi oila boshlig‘i Abulqosim aka.

Qizlar otalaridan talabchanlik va qat'iyatni, onalaridan esa mehnatsevarlikni o‘rganishgan. Ularning onasi Zulayho ona – respublikamizdagi ilk mexanizator ayollardan. 8 qizni tarbiyalab, voyaga yetkazish bilan birga, uzoq yillar traktor ham boshqargan.

“Oilamizda 11 farzand edik. Uchinchi qiz bo‘lib tug‘ilganimda otam qattiq arazlab, xizmat safariga ketgan ekan. Kelishlariga onam meni yo‘rgaklab, taxmonning ustiga qo‘ygan. Meni izlagan otamga o‘lib qolganimni aytganlar. Otamning bundan xafa bo‘lganlarini ko‘rib, keyin meni olib ko‘rsatganlar. Shu-shu otam meni yonidan jildirmagan – ularga qo‘shilib dalada traktorda o‘sganim uchun shu kasbni tanlaganman.

17 yoshimda mexanizatorlik kursini tugatib, traktor haydadim. O‘sha vaqtdagi rahbar Sharof Rashidov 1979 yilda kelib ishimni ko‘rdi. Esdalik uchun ismim yozilgan soat sovg‘a qildi.

To‘rtinchi qizimiz tug‘ilganida turmush o‘rtog‘im biroz xafa bo‘lganday bo‘lsa-da, menga sezdirmadi. Shundan keyin yana 4 qiz ko‘rdik. Barchasiga birday mehribon”, – deydi u.

“Dadam doim bizning harakatchan bo‘lishimizni xohlaydi. Bir joyda to‘xtab qolmasligimiz kerakligini uqtirib kelishgan.

Uyda o‘g‘il farzand bo‘lmagani uchun jismoniy mehnatdan ham qochmaganmiz. Shu kayfiyatda tarbiyalanganmiz. Hammasiga ota-onamiz yaratib bergan sharoit va doim qo‘llab-quvvatlashlari sabab erishyapmiz”, – deyishadi qizlar.

Oiladagi muhitni, o‘ziga ishongan, bilimli va intiluvchan qizlarning bugungi hayotlarini ko‘rib havas qilsa arziydi. Ularning 7 nafari oilali, farzandli bo‘lishgan; o‘z oilasida ham bekalikni o‘rniga qo‘yib, ham jamiyatdagi o‘rinlarini topishmoqda.

Gulmira Toshniyozova, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top