O‘zbekistonning iqtisodiy yutuqlarini xalqaro nufuzli tuzilmalar reytinglari ham tasdiqlamoqda
Prezident sarmoyadorlarning mamlakat iqtisodiyotiga bo‘lgan ishonchini keskin oshirishga muvaffaq bo‘lingani haqida gapirdi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan davlat tadbirida so‘zlagan nutqida iqtisodiyotdagi tarkibiy islohotlar va asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar haqida ayrim ma'lumotlarni keltirib o‘tdi.
«Shuni alohida ta'kidlash zarurki, o‘tgan besh yillik vaqt barchamiz, butun mamlakatimiz, xalqimiz uchun keskin sinovlar davri bo‘ldi. Ayniqsa, 2020 yili boshlangan koronavirus pandemiyasi va shu sababli kelib chiqqan iqtisodiy inqiroz global dunyoning ajralmas qismi sifatida O‘zbekiston uchun ham jiddiy muammolarni yuzaga keltirdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti xulosasiga ko‘ra, pandemiya Ikkinchi jahon urushidan keyin dunyo miqyosida yuz bergan eng ulkan sinovdir.
Yodingizda bo‘lsa, biz pandemiya boshlangan ilk kunlarda bu qiyinchiliklardan yanada toblanib, kuchli va qudratli bo‘lib chiqishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygan edik. Yaratganning inoyati, el-yurtimizning ahilligi va fidokorona mehnati bilan bu mashaqqatli sinovlarni mardona yengib o‘tmoqdamiz.
Mamlakatimizda olib borilayotgan jadal va keng ko‘lamli islohotlar yurtimizda yangi davrni – yangi O‘zbekiston davrini boshlab berdi.
Bugun yurtimizda tarixan qisqa fursatda butunlay yangicha siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-ma'rifiy va madaniy muhit paydo bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Xalqaro valuta jamg‘armasi va nufuzli reyting agentliklari tahlillariga ko‘ra, hozirgi qiyin va murakkab sharoitda O‘zbekiston jahonning sanoqli mamlakatlari qatorida moliyaviy-iqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, ishlab chiqarish tarmoqlarini tiklash va iqtisodiy faollikni oshirishǵa erishib kelmoqda.
Mana, yaqinda Amerika Qo‘shma Shtatlarining J.P.Morgan investitsiya banki tomonidan e'lon qilingan «O‘zbekiston: quyosh kabi ko‘tarilish» nomli tahliliy hisobotda ham ayni shu fikrlar bayon etilgan», dedi prezident.
Tashqi savdo aylanmasi 2016 yildagi 24 milliard dollardan 2020 yilda 36 milliard dollarga ko‘paygan.
«2017-2020 yillarda mamlakatimizning iqtisodiy o‘sish darajasi 18,3 foizni tashkil etib, yalpi ichki mahsulot 60 milliard dollarga yetdi. Bu haqda gapirganda, tashqi savdo aylanmasi 2016 yildagi 24 milliard dollardan 2020 yilda 36 milliard dollarga ko‘payganini ta'kidlash lozim.
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 369 trillion so‘mni tashkil qilib, 2016 yilga nisbatan 23,4 foizga o‘sdi. Natijada sanoat mahsulotlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 19,5 foizdan 27,4 foizga ko‘tarildi.
Iqtisodiy sohani, jumladan, bojxona tartiblarini liberallashtirish tufayli 2020 yilda eksport hajmi 15,1 milliard dollarni tashkil qilib, 2016 yilga nisbatan 25 foizga o‘sdi.
Islohotlarimiz samarasining turli xalqaro reytinglarda tan olinishi mamlakatimiz uchun xalqaro moliya bozorlariga chiqish imkoniyatini yaratdi. Jumladan, joriy yilda 635 million dollarlik va 2,5 trillion so‘mlik davlat yevroobligatsiyalari, Ipoteka bankining 785 milliard so‘mlik va «O‘zavtomotors» aksiyadorlik jamiyatining 300 million dollarlik korporativ obligatsiyalari chet el investorlariga sotildi.
Sarmoyadorlarning mamlakatimiz iqtisodiyotiga bo‘lgan ishonchini keskin oshirishga muvaffaq bo‘ldik. Investitsiyalarning umumiy hajmi qisqa muddatda 2,1 martaga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar hajmi 3 barobarga yaqin o‘sgani ham buning isbotidir.
O‘tgan uch yil mobaynida soliq sohasida yangi tizim joriy etildi. Soliqlar soni sezilarli darajada kamaytirildi, aylanma mablag‘dan olinadigan soliqlar bekor qilindi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirilib, ushbu soliq zanj́irining yaxlit tizimi yaratildi.
2017-2020 yillarda banklarimiz kapitalini 5,7 baravar yoki 5 milliard dollargacha oshirishga erishdik.
Elektroenergetika, neft-gaz, kommunal sohalarda amalga oshirilgan tarkibiy o‘zgarishlar natijasida davlat boshqaruvi va xo‘jalik funksiyalari bir-biridan ajratildi, raqobat muhitini yaratish uchun muhim qadamlar tashlandi», deydi prezident.
Davlat rahbari nutqida yangi-yangi infratuzilma tarmoqlari barpo etilgani, minglab kilometr uzunlikdagi yangi yo‘llar, elektr va gaz tarmoqlari qurilgani va ta'mirlangani, jamoat transporti izchil rivojlanayotgani aytib o‘tildi.
«Jumladan, Toshkent shahrida 2ta yangi metro stansiyasi hamda qariyb 12 kilometrlik yer usti metro liniyasi foydalanishga topshirildi. «Sergeli» yo‘nalishi bo‘yicha 6,2 kilometrlik qurilish ishlari yakunlandi.
Ayni paytda O‘zbekistonda ko‘plab yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilayotganini alohida ta'kidlash joiz. Shular qatorida, yaqinda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining qiymati 2 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan 3-mis boyitish fabrikasi qurilishiga tamal toshi qo‘yilganidan barchangiz xabardorsiz.
Kuni kecha Navoiy viloyatining Karmana tumanida 110 million dollar investitsiya hisobidan ishga tushirilgan quyosh fotoelektr stansiyasi O‘zbekiston energetika tizimida birinchi ulkan qadam bo‘ldi.
Ayni paytda «Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatida ikkita yangi zavod – azot kislotasi hamda ammiak va karbamid ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirildi. Umumiy qiymati 1,5 milliard dollar bo‘lgan ushbu loyihalar evaziga «Navoiyazot»da mahsulot ishlab chiqarish hajmi 3 barobarga oshadi.
Bunday muhim voqealar milliy sanoatimiz tarixida yangi davr boshlanayotganidan dalolat beradi», dedi prezident.
Jahon bankining «Biznesni yuritish» xalqaro reytingida O‘zbekiston besh yil ichida 141-o‘rindan 69-o‘ringa ko‘tarilgan.
«Yurtimizda kichik va xususiy biznes sub'yektlari ikki barobar ko‘payib, sohada 1 million 400 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Bu korxonalarning yarmidan ko‘prog‘i keyingi uch yilda tashkil etilgani alohida ahamiyatga ega.
Tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirish maqsadida 16ta qonun, 100dan ziyod qaror qabul qilindi.
O‘tgan bir yil davomida litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi hamda ularni berish muddatlari qisqartirildi. Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish maqsadida barcha teḱshiruvlar uchun moratoriy e'lon qilindi.
Shuningdek, o‘zini o‘zi ish bilan band qilgan aholi uchun qulay sharoit yaratish natijasida bir yilda 500 ming nafar fuqaro ro‘yxatdan o‘tib, faoliyatini qonuniy asosda yo‘lga qo‘ydi.
Tadbirkorlik sohasidagi mana shunday yondashuv natijasida Jahon bankining «Biznesni yuritish» xalqaro reytingida O‘zbekiston besh yil ichida 141-o‘rindan 69-o‘ringa ko‘tarildi.
Albatta, bu jiddiy ko‘rsatkich, ammo u hali bizni qoniqtirmaydi. Shuning uchun biz ushbu yo‘nalishdagi ishlarimizni izchil davom ettiramiz», dedi prezident.
Mavzuga oid
19:10 / 13.11.2024
Hindiston fond bozoridagi bum: moliyaviy inqilob shovqini risklarni yopib ketyaptimi?
08:10 / 12.11.2024
O‘zbekistonga Saudiya kompaniyalarining qariyb 2,5 mlrd dollarlik investitsiyalari jalb etiladi
20:55 / 02.11.2024
O‘zbekistonda elektr energiyasi va metan gazi olish uchun 8 ta chiqindi yoqish zavodi, 1 ta chiqindi poligoni quriladi
21:16 / 31.10.2024