O‘zbekiston | 13:32 / 20.09.2023
13217
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident: Afg‘onistonni o‘z muammolari bilan yana yolg‘iz qoldirish – katta xato bo‘ladi 

Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonning muzlatilgan xalqaro aktivlarini bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga yo‘naltirish uchun maqbul mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zladi.

Bildirilishicha, xalqaro xavfsizlik Afg‘onistondagi jarayonlar bilan bevosita bog‘liqdir. Ushbu mamlakatda yangi vaziyat vujudga kelgan bo‘lib, u afg‘on masalasini hal etishda o‘ziga xos yondashuvlarni talab etmoqda.

“Afg‘onistonni o‘z muammolari bilan yana yolg‘iz qoldirish bu – katta xato bo‘ladi. Inkor qilish, yakkalab qo‘yish va sanksiyalar qo‘llash oddiy afg‘on xalqining ahvolini yanada og‘irlashtirmoqda.

Afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslik lozim, deb hisoblaymiz. Afg‘onistonning muzlatilgan xalqaro aktivlarini bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga yo‘naltirish uchun maqbul mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqiramiz. Bizga tinch va barqaror, mintaqaviy hamkorlik jarayonlarida ishtirok etadigan, qo‘shnilari va boshqa mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli sheriklik uchun ochiq Afg‘oniston kerak.

Men bugun ushbu nufuzli minbardan turib, dunyo hamjamiyatini Afg‘oniston muammosini hal etish yo‘lida birlashishga chaqiraman. Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahnamoligida Afg‘oniston bo‘yicha birgalikda ishlab chiqilgan, vaziyatga moslashuvchan va konstruktiv pozitsiyani belgilash prinsipial jihatdan muhim, deb hisoblayman”, dedi O‘zbekiston rahbari.

Mavzuga oid