23:27 / 12.08.2020
36885

Intervyu: O‘zbekistondagi eng yosh rektor korrupsiyasiz imtihonlar, majburiy bo‘lmagan forma va oliy ta'limdagi byurokratiya haqida

Kun.uz’ning hukumat vakillari, turli tashkilot va muassasa rahbarlari bilan o‘tkazib kelayotgan suhbatlari davom etadi. Bizning navbatdagi suhbatdoshimiz Toshkent shahridagi INHA universiteti rektori Muzaffar Jalolov bo‘ldi.

Rektor bilan suhbatimiz O‘zbekistondagi va xorijiy OTMlardagi o‘qish sifati, mahalliy oliy ta'lim muassasalarimizga xalqaro reytinglarda yuqorilash uchun yetishmayotgan omillar, INHAning nega haligacha O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tkazilmagani, korrupsiyasiz ham tashkil qilinayotgan kirish imtihonlari  hamda universitetda o‘quv jarayonlariga oid boshqa mavzular yuzasidan bo‘ldi.

Siz suhbat davomida shuningdek, talabalar tomonidan yo‘llagan bir qator muammoli savollar O‘zbekistondagi eng yosh rektor hisoblangan Muzaffar Jalolovni ancha ter to‘kishga majbur qilganini ko‘rishingiz mumkin.

Universitet rektoriga bergan birinchi savolimiz pandemiya davrida xususiy va hamkorlik asosida ochilgan universitetlarda, jumladan, INHAda qabul jarayonlari qanday tashkil qilinayotgani borasida bo‘ldi.

Undan shuningdek, INHA universitetiga talabalarni odatiy saralash jarayoni mahalliy OTMlardagidan qanday jihatlari bilan farq qilishi borasida ham so‘radik.

Muzaffar Jalolovning aytishicha, INHA universiteti Janubiy Koreyaning mamlakatdan tashqarida faoliyat boshlagan eng birinchi universitetlardan hisoblanadi.

Bu yerda o‘quv tizimi to‘liq Koreya dasturi asosida yo‘lga qo‘yilgani uchun kirish imtihonidan tortib, o‘quv jarayonlari va diplom topshirishga qadar to‘liq koreyalik mutaxassislar nazoratida turadi.

INHA universiteti rektori Muzaffar Jalolov

«INHA universitetida imtihonga savol tayyorlash va imtihon o‘tkazish jarayoni to‘liq janubiy koreyalik mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi.

Mutaxassislar imtihondan bir kun oldin O‘zbekistonga uchib kelishadi. Imtihonlar uchun savollar ham shu paytda olib kelinadi va test boshlanishi arafasida ochiladi. Koreyalik mutaxassislar imtihonlarni o‘tkazgach o‘sha kunning o‘zida yana qaytib ketishadi. Javoblar ham Koreyaning o‘zida ma'lum bo‘ladi. Bu yerda javoblarga uchinchi tomonning aralashuviga umuman imkoniyat yo‘q. Bu bizning karantingacha bo‘lgan imtihon jarayonlari edi.

O‘tgan yildan boshlab esa bizda kirish imtihonlari uch bosqichda olinadigan bo‘ldi. Ya'ni, aprel oyida bitta imtihon, ikkinchisi may oyining oxirida va uchinchisi iyulda.

Karantin sharoitida jarayonlar qanday tashkil qilindi, degan savolni berdingiz. Biz hozir ikkita imtihonni o‘tkazib bo‘ldik.

Bunda birinchi bosqich imtihonlarining o‘zi ikki shart asosida onlayn tarzda bo‘lib o‘tdi. Bunda abituriyentlar zoom dasturi orqali yozma imtihon va suhbat shaklida saralandi. Bu jarayonlar oson bo‘lmaydi, chunki har bir holat koreyalik mutaxassislar tomonidan kuzatib turiladi.

Uchinchi bosqich imtihonlarini esa avgust oyida tashkil qilishni rejalashtiryapmiz.

Bu yil o‘qishlarimiz karantin cheklovlari sabab biroz kechroq, onlayn tarzda boshlanadi», – dedi u.

Rektorga bergan navbatdagi savolimiz Janubiy Koreyadagi INHA universitetining Toshkentdagi filiali va O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi o‘rtasidagi munosabatlar qanday tartibda yo‘lga qo‘yilgani borasida bo‘ldi.

Undan shuningdek, xususiy yoki xorijiy universitet filiali tashkiliy masalalar bo‘yicha qaror qabul qilish, o‘qituvchilarni saralash, o‘qitiladigan fanlar yoki talabalar formasi masalasida qanchalik mustaqil ekanligi haqida ham so‘radik.

Muzaffar Jalolov esa savolga javoban ilk fikrini INHA universitetida O‘zbekistondagi mahalliy OTMlarda bo‘lgani kabi majburiy forma kiydirish an'analari mavjud emasligidan boshladi.

«Albatta, talabalarimiz odob-axloq an'analaridan chiqmagan holda kiyinishadi. Ammo majburiy forma talab qilinmaydi. Ko‘ryapmizki, bu o‘qish sifatiga umuman ta'sir qilayotgani yo‘q.

Men magistratura bosqichini Janubiy Koreyada tugatganman.U yerda ham talabalar bir xil forma kiyishga majburlanmaydi. Lekin Harvard, Oksford yoki boshqa nufuzli universitetlarda talabalarning o‘zi forma kiyishni xohlashadi.

Agar bizning universitetga ham o‘qish boshlangan jarayonda kelsangiz juda ko‘p bo‘lmasa-da, talabalarning universitet nomi tushirilgan futbolkalarda o‘qishga kelishini ko‘rasiz. Umid qilamanki, boshqa universitetlarimiz ham o‘z brendini rivojlantirish ustida ishlashadi.

Endi o‘qish jarayonlari haqida.

Xalqaro universitetlarga ko‘p jabhalarda erkinlik berilgan. Biz Janubiy Koreya universiteti bilan hamkorlikda tashkil qilinganmiz va shu tufayli, o‘quv dasturlari, o‘qituvchilarni saralash ishlari ham to‘liq Koreya tomonidan amalga oshiriladi. Agar biror o‘qituvchi bizni universitetga ishga kirmoqchi bo‘lsa, avval hujjatlarini Janubiy Koreyaga topshiradi. Suhbat va boshqa imtihonlar ham aynan koreyalik o‘qituvchilar tomonidan amalga oshiriladi.

O‘qituvchilarga oylik maoshlar ham xalqaro darajada to‘lanadi. Busiz biz xalqaro darajadagi o‘qituvchilarni o‘zimizda ushlab qololmaymiz.

Bizda professor o‘qituvchi va talaba o‘rtasida maxsus axborot tizimi bor. Talaba o‘zining fanini maxsus axborot tizimiga kirib o‘sha joyda tanlaydi. Bunda har bir fan maxsus bir og‘irlikka ega. Ya'ni, ma'lum bir kredit beriladi. Fanlarning qiyin va yengilligiga qarab sizdagi kredit ko‘p bo‘lishi mumkin yoki kam bo‘lishi mumkin. Bu tizimda eng asosiysi talaba to‘rt yil ichida o‘sha kreditni yig‘ishi kerak.

Bizda mahalliy universitetlarda eng yomon narsa borki, talaba biror fanni o‘zlashtirolmasa o‘qishdan haydaladi. Bizda bunday emas, biz imkoniyat beramiz. Talaba o‘qimagan fanini keyingi yilda davom ettiradi. Yoki talaba akademik vaqt olib o‘sha fanni o‘zlashtirib olishi mumkin. Bu juda katta qulaylik», – dedi rektor.

O‘zbekistondagi OTMlar reyting jihatidan dunyo miqyosida yuqori o‘rinlarda turmaydi. Afsuski, bu borada mahalliy universitetlarimizning o‘rni juda quyida joylashgan.

Xo‘sh, bu borada mahalliy oliy ta'lim muassasalarimizga qaysi jihatlar yetishmayapti.

Muzaffar Jalolovdan bu haqda ham so‘radik.

«Dunyoning TOP-1000 universitetlarini, boring ana reytingda 500 talikka kiradigan qo‘shni Qozog‘istondagi universitetlarini olaylik. Men ushbu universitetlarda bo‘lganman, lekin (qozog‘istonlik hamkasblarimizni xafa qilmoqchi emasman) ularda bizdan farqli alohida jihatlarni ko‘rmadim. Aslida xalqaro reytinglarda yuqorilash uchun ko‘p ish qilishi shart emas.Ma'lum bir talablar bor. Bu talablarni esa bajarish unchalik qiyin emas.

Bizda shunchaki byurokratiya muammolari bor. Ya'ni, universitetlarga erkinlik berish borasidagi byurokratiya.

Masalan, universitetlarga o‘zini-o‘zi moliyalashtirishga ruxsat berildi, ammo ular baribir Moliya vazirligiga bog‘lab qo‘yilgan. Ular baribir universitetlar smetalarni tasdiqlashi kerak. Mustaqil qaror qabul qilisholmaydi.

Universitetlarimizni yuqori reyting o‘rinlariga chiqarish uchun o‘rganib qolingan qulay o‘rinlar, o‘zimizni solib qo‘ygan qoliplarimiz yo‘l bermayapti. Farq shunda.

Masalan, INHA Janubiy Koreyadagi xususiy universitet. Koreyani o‘zi top-10 va xalqaro reytingda 800-o‘rinda turadi. Universitetda reytingni ushlab turish uchun juda qattiq ishlashadi. Bu yerda o‘qish dasturlari, o‘qituvchilarga talablar, ilmiy maqolalar kabi talablar bor.

Bizning mahalliy universitet rahbarlari esa hatto kichik o‘quv dasturida o‘zgarish qilmoqchi bo‘lsa, albatta qandaydir byurokratik to‘siqlarga duch keladi.

Men mahalliy universitet rahbarlari bilan tez-tez gaplashib turaman. Ular suhbat paytida mana shunday to‘siqlar, korrupsiya omili haqida ko‘p gapirishadi.

Prezident har bir yig‘ilishda korrupsiyani yo‘qotish haqida gapiradi. Rektorlar ham korrupsiyani yo‘qotishni istayapti, ammo ming afsuski, pastda turli o‘yinlarni qilib yuborishyapti. Shunaqa holatlar ko‘p bo‘lyapti», – deydi INHA universiteti rektori.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi Sherzod Egamberdiyev.

Top