O‘zbekiston | 08:24 / 13.10.2021
3570
5 daqiqa o‘qiladi

Davlat bog‘chalarining bo‘sh turgan yerlari nodavlat bog‘cha binosini qurish uchun bepul ijaraga beriladi

Foto: Kun.uz

Prezidentning «O‘zbekiston prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba'zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Endi Maxsus iqtisodiy zonalar (MIZ) hududidagi yer uchastkalari MIZ direksiyalariga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi va ularning tasarrufida turadi, bundan maxsus sanoat zonalarining hududlari mustasno.

Shuningdek, MIZ ma'muriy kengashlarining qarorlari bilan ma'qullangan investitsiya buyurtmanomalarida belgilangan hajmlardagi yer uchastkalari MIZ direksiyalari tomonidan elektron onlayn-auksionga chiqariladi. Buni boshqa tashkilotlar bilan kelishish, shu jumladan «YERELEKTRON» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritish talab etilmaydi.

  • Taklif etiladigan investitsiya buyurtmanomalarida yer uchastkasini elektron onlayn-auksionga chiqarishdagi boshlang‘ich narx haqidagi hamda har yilgi ijara to‘lovi haqidagi taklif ham nazarda tutilishi lozim. Boshlang‘ich narx hamda har yilgi ijara to‘lovi miqdori investitsiya buyurtmanomalarini ko‘rib chiqish vaqtida MIZ ma'muriy kengashlari qarori bilan belgilanadi;
  • Elektron onlayn-auksion g‘olibi investitsiya buyurtmanomalarida belgilangan yer uchastkasini ijaraga olish va investitsiya bitimi tuzish huquqini qo‘lga kiritadi, bunda yer uchastkasini ijaraga olish shartlari investitsiya bitimida nazarda tutiladi. Elektron onlayn-auksiondan tushgan pul mablag‘lari (auksionni o‘tkazish xarajatlari chegirib qolingan holda), shuningdek har yilgi ijara to‘lovlari MIZ direksiyalariga o‘tkaziladi, ushbu mablag‘lar MIZning tashqi va ichki muhandislik-kommunikatsiya hamda ishlab chiqarish infratuzilmasini qurish va yaxshilash uchun sarflanadi.

MIZ va ularning ishtirokchilariga yer uchastkalarini ajratish prezidentning 21.12.2018 yildagi PF-5600-son farmoniga muvofiq amalga oshiriladi. Kichik sanoat zonalarini (KSZ) tashkil etish nazarda tutilgan yer uchastkalari qonunchilikda belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi. Umumiy foydalanishdagi yerlar KSZ direksiyasiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi. 

Yer uchastkalarini realizatsiya qilishdan tushgan pul mablag‘lari (Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan xarajatlar chegirib qolingan holda) KSZ direksiyalariga o‘tkaziladi. Ushbu mablag‘lar tashqi va ichki muhandislik-kommunikatsiya hamda ishlab chiqarish infratuzilmasini qurish va yaxshilash uchun sarflanadi.

  • KSZ hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer uchastkalari qonunchilikda belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion orqali ajratiladi.
  • Endi «Yashnobod» texnoparki rezidentlariga innovatsiya ishlab chiqarishini va startaplar tashkil qilish uchun Yashnobod tumani hududidan yer maydonlari elektron onlayn-auksion orqali ajratiladi (ilgari – Yashnobod tumani hokimiyati tavsiyasiga ko‘ra Toshkent shahar hokimiyati tomonidan ajratilgan);

Maktabgacha ta'lim sohasida DXSh quyidagi shakllarda ham amalga oshiriladi:

  • jamoat va davlat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga berilgan yer uchastkalarini, shu jumladan faoliyat yuritayotgan davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarining bo‘sh turgan yer uchastkalarini nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarining binolarini qurish uchun bepul asosda ijaraga berish;
  • mavjud davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarini rekonstruksiya qilish va jihozlash, keyinchalik esa ularni otaliqqa olish sharti bilan nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari obektlarini qurish uchun bepul asosda yer maydonlarini taqdim etish;
  • konsessiya asosida rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun bino ajratish.

Davlat sherigi unga yer uchastkasi ajratilgan kundan boshlab bir kun ichida yer uchastkasini DXSh bitimi doirasida xususiy sherikka ijaraga berish bo‘yicha ijara shartnomasi imzolanishini ta'minlaydi.

Nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari tashkil etish uchun nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari binolarini qurish uchun yetarli hajmda ortiqcha maydonga ega bo‘lgan ishlab turgan davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari hududidagi yer uchastkalari taqdim etiladi. Bunda davlat sherigi, xususiy sherik va davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti o‘rtasida ijara shartnomasi tuziladi. Yer uchastkasini ijaraga olish huquqi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Mavzuga oid