22:37 / 30.10.2020
7840

To‘qqiz kunlik bepul tekshiruv: tug‘ma yurak porogi bor bemorlar uchun aksiya o‘tkaziladi

Akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi maslahat poliklinikasida 2 noyabrdan 10 noyabrga qadar tug‘ma yurak nuqsoni bor bolalarni bepul diagnostika qilish xayriya aksiyasi o‘tkaziladi. Bu haqda 30 oktabr kuni OAV xodimlari uchun mazkur markazda o‘tkazilgan press-turda ma'lum qilindi.

Qayd etilishicha, bepul tekshiruvlar respublikaning barcha viloyatlari va Qoraqalpog‘istondan kelgan bemorlar uchun tashkil etiladi. Poliklinika bo‘lim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Said G‘anixo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, endilikda viloyatlarda ham tug‘ma yurak porogi mavjud bemorlarda jarrohlik amaliyoti o‘tkazish imkoni yaratilmoqda.

«Butun respublika bo‘yicha 2 noyabrdan 10 noyabrgacha tug‘ma yurak nuqsoni bo‘lgan barcha bemorlarni bepul tekshirish va ularga tashxis qo‘yishni rejalashtirganmiz. Bu aksiya faqat 9 kungina emas. Biz o‘zimizga reja tuzib olganmiz. Bunday operatsiyalarni hamma viloyatlarda o‘tkazishni yo‘lga qo‘yamiz. Har bir viloyatga mas'ul guruh va jarroh tayinlangan. Guruh shifokorlari o‘sha hududga chiqib bemorlarni qabul qiladi, tashxis qo‘yadi va operatsiya qiladi. Kasallarga o‘zi yashab turgan joyda yordam berishga maksimal darajada harakat qilinadi.

Agarda o‘tkazilayotgan aksiyada hamma bemorni qamrab ololmasak, konsultatsiya berib yuboramiz. Viloyatdagi shifokorga bemorni operatsiyaga tayyorlab turishi aytiladi va biz borib jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazamiz.

Dushanba kunidan shifoxonamiz ish faoliyatini 2 smenaga o‘tkazyapmiz. Birinchi smena soat 8:00 dan soat 14:00 gacha bo‘lsa, ikkinchi smena soat 14:00 dan soat 18:00 gacha bo‘ladi. Aksiya davomida tug‘ma yurak porogi bor hamma bemorni bepul tekshiramiz. Yana shuni aytish kerakki, bunday bemorlarning 90 foizdan ortig‘i shifoxonaga davlat tomonidan kafolatlangan order bilan keladi. Ularni tekshirish va operatsiya qilish davlat hisobidan bo‘lyapti», – dedi Said G‘anixo‘jayev.

Ma'lum qilinishicha, muassasa 50 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, yiliga 750 ga yaqin tug‘ma yurak nuqsoni bor bolalarga jarrohlik amaliyoti o‘tkazib kelinmoqda.

Tibbiyot markazining tug‘ma yurak nuqsonlari bo‘limi kardiologi Bunyod Akbarxonov bir smenada 40 nafargacha bemorga tashxis qo‘yish mumkinligini ta'kidladi. U shifoxona faoliyati 2 smenada o‘tkazilsa, bu ko‘rsatkich yanada oshishini aytib o‘tdi.

«Tug‘ma yurak nuqsonlari soni 90 turdan oshadi. Ularning birlamchisiga exokardiagrafiya, EKG rentgen apparati orqali tashxis qo‘yiladi. Keyingi tekshiruv bosqichlaridan so‘ng, nuqsonga operatsiya taktikalari belgilanadi.

Bizning shifoxonadagi jarrohlik amaliyotida butun dunyoda bajariladigan amaliyotlarning 98-99 foizi o‘zlashtirilgan.

Dunyo statistikasida Amerikada joylashgan «Boston children's hospital» klinikasi tug‘ma nuqsonli yurak porogini operatsiya qilishda eng yaxshi natijalarga erishib kelmoqda. U yerdagi jarrohlik amaliyotlarida 99 foiz yaxshi, 1 foiz qoniqarsiz natija qayd etiladi. Bizda esa qoniqarsiz natija 2-3 foizgacha tushirilgan.

Kuniga 3-4 nafar bemor operatsiya qilinadi. Bir smenada 30-40 nafargacha bemorni tekshiruvdan o‘tkazamiz. Markazimiz rahbarlari tashabbusi bilan uyushtirilayotgan aksiya davomida 2 ta smenada ish olib boriladi. Bunda tekshiruvdan o‘tuvchilar soni oshiriladi», – dedi shifokor.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning deyarli 1 foizi tug‘ma yurak nuqsoni bilan tug‘iladi.

O‘zbekistonda yiliga 600 ming nafar chaqaloq tug‘ilsa, shundan 5000-5500 nafari shunday dard bilan dunyoga keladi.

Top