23:44 / 30.10.2020
6046

«Salomatlik uchun zararli» mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarga maxsus yig‘im joriy etiladi

O‘zbekistonda «aholi salomatligi uchun zararli» mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilar uchun maxsus yig‘im joriy etish rejalashtirilmoqda.

Prezidentning sog‘lom turmush tarziga oid farmoni bilan, Moliya vazirligiga 2021 yil 1 yanvarga qadar ushbu masalada hukumatga taklif kiritish yuklatildi.

Maxsus yig‘imdan tushgan mablag‘larning bir qismi «Sog‘lom turmush tarzi» platformasi uchun yo‘naltiriladi.

Ushbu platformaga asosan, kuniga 10 ming va undan ortiq qadam yurgan fuqarolarga 3 ming so‘mdan to‘lanadi. Shuningdek, har oyda har bir tuman (shahar) bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 300 ming so‘mdan, har bir hudud bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 500 ming so‘m, respublika bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 1 mln so‘m qo‘shimcha ravishda to‘lab beriladi.

Farmonda aynan qaysi mahsulotlar «aholi salomatligi uchun zararli» deb toifalanishiga aniqlik kiritilmagan.

Farmonning 1-bandida sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etishning asosiy yo‘nalishlari belgilangan bo‘lib, unda semizlik va bevaqt o‘limlarni kamaytirish maqsadida, tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan hamda xamirli taom va shirinliklar iste'molini qisqartirish haqida so‘z boradi.

Shuningdek, hujjat asosida uch oy muddatda tuz, qand va yog‘ miqdori me'yoridan ortiq bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari reklamasiga quyidagi cheklovlarni o‘rnatish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi:

  • ta'lim, sog‘liqni saqlash va sport muassasalari hududida hamda jamoat transportida reklama qilish;
  • bolalar, animatsion personajlar va bolalar ko‘rsatuvlari qahramonlari ishtirokida reklama qilish;
  • ommaviy axborot vositalarida bolalar uchun mo‘ljallangan ko‘rsatuvlardan 30 daqiqa oldin va keyin namoyish qilish.
Mavzuga oid
Top