Shavkat Mirziyoyev «ShHT – Afg‘oniston» formatida uchrashuvlar o‘tkazish taklifini bildirdi
Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida 17 sentabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining yubiley majlisi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida bugungi xalqaro munosabatlarda Shanxay hamkorlik tashkilotining roli oshib borayotganini ta'kidladi.
– O‘tgan davrda ShHT xalqaro siyosatning muhim sub'yektiga aylandi, nufuzli xalqaro tuzilmalar qatorida munosib o‘rin egalladi. “Shanxay ruhi” tamoyillari asosida mintaqaviy sheriklik mustahkamlanib bormoqda. Yangi xatar va tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi umumiy salohiyat ortib bormoqda, iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorligimiz kengaymoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari ishtirokchilar e'tiborini ShHT kun tartibida turgan dolzarb masalalarga qaratdi hamda ularni hal etish yuzasidan aniq takliflarni ilgari surdi.
– Bugun barchamiz jahonda va mintaqada keskinlik ortib borayotganining guvohi bo‘lib turibmiz. Pandemiyaning salbiy oqibatlari saqlanib qolmoqda. Bularning barchasi bizdan tashkilotimiz doirasida yanada jipslashishimizni va bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimizni talab qilmoqda, – dedi prezident.
O‘zbekiston yetakchisi umumiy xavf-xatar va tahdidlarga o‘z vaqtida va birgalikda javob qaytarish, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, ShHT makonida do‘stlikni mustahkamlash va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish zarurligini ta'kidladi.
Afg‘onistonda vujudga kelayotgan vaziyatdan xavotir bildirildi. Mamlakatning yangi hokimiyati bilan muloqotni rivojlantirishning aniq prinsiplari taklif etildi. Davlat boshqaruvida afg‘on jamiyatining barcha qatlamidan siyosiy vakillar bo‘lishi, inson, xususan, xotin-qizlar hamda milliy ozchiliklar huquq va erkinliklariga rioya qilinishi shular jumlasidandir.
Bu boradagi sa'y-harakatlarni birlashtirish va Afg‘onistondagi vaziyatni siyosiy yo‘l bilan hal etish masalalarini keng muhokama qilish maqsadida prezident kuzatuvchi davlatlar va muloqot bo‘yicha sheriklarni jalb qilgan holda “ShHT – Afg‘oniston” formatida yuqori darajadagi uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish taklifini bildirdi. Birinchi shunday uchrashuvni Toshkentda o‘tkazish mumkinligi aytildi.
Mavzuga oid
14:00 / 29.01.2024
Prezident xorijda YTH qurboniga aylanayotgan migrantlar masalasiga to‘xtaldi
13:17 / 29.01.2024
Tajriba tariqasida 5 ta shaharda suv ta’minotiga xususiy sheriklar jalb qilinadi
20:35 / 26.01.2024
Ta’lim sohasida islohotlarni yagona konsepsiya asosida amalga oshirish bo‘yicha Loyiha ofisi tashkil qilinadi
18:48 / 25.01.2024