Jamiyat | 22:38 / 07.09.2024
58720
2 daqiqa o‘qiladi

Suvsiz O‘zbekiston. Eski mavzuning yangi tafsilotlari

SUBYEKTIV loyihasi yana bir o‘ta og‘riqli muammo tahliliga qo‘l urdi. Mualliflar bu gal suv tanqisligi va Orol fojiasini ochib berishga, tomoshabinning suvga munosabatini o‘zgartiradigan kontent qilishga bel bog‘lashgan.

Aytilgan birinchi raqamning o‘ziyoq kelajagini O‘zbekiston bilan bog‘lagan har qanday vatandoshni o‘ylantiradi: biz suv tanqisligi bo‘yicha dunyoda 25-, suv sarfi bo‘yicha esa 12-o‘rinda turamiz.

Ijodkorlar ko‘rsatuv ustida 2 oydan ortiq vaqt ishlashgan. 5000 km yo‘l bosishgan, har bir viloyatdagi suv sifatini o‘rganishgan, Orol dengizining qurigan tubiga, Amudaryoning Tojikistondagi boshigacha borib kelishgan.

Biz o‘zini mas’uliyatli fuqaro deb hisoblovchi har bir o‘zbekistonlikni suv borasida tejamkor bo‘lishga, ko‘rsatuvni ko‘rishga va uning ommalashishi uchun ko‘maklashishga chorlab qolamiz. Chunki bu ko‘rsatuv SUBeKTIV'ning avvalgi sonlari kabi millionlab marta ko‘rilishi qiyin. Garchi tanlangan mavzu dolzarbligi jihatidan avval ko‘tarilgan hech qaysi muammodan qolishmasa-da.

Shunday bo‘lsa-da, harna bir necha ming inson shu bahona suv haqida jiddiy mulohaza qilsa, tejashga odatlansa va bu bilan ko‘rsatuv hech bo‘lmasa ming litr suv isrofining oldi olinishiga sababchi bo‘lsa, ko‘zlagan minimal maqsadimizga erishdik, desak bo‘ladi.

Mavzuga oid