2 mart kuni Kun.uz tahririyatiga Bo‘ka tumanidan murojaat kelib tushdi. «MAXIM GOLD TEX» MChJning 100 foiz ta'sischiligida tashkil etilgan «Bo‘ka agro klaster» tashkilotining ishchi-xizmatchilari Bo‘ka tuman hokimligi hovlisida to‘planishgani, ular klasterning yopilayotganiga noroziliklarini izhor qilishib, tuman va viloyat mutasaddi rahbarlari bilan mazkur masalani muhokama qilish niyatida ekanliklarini bildirishdi.

Kun.uz xodimlari vaziyatni o‘rganish maqsadida Bo‘ka tumaniga bordi va dastavval klaster xodimlarining fikrini eshitdi.

Ushbu video 2020 yil 2 mart kuni tasvirga olingan.

«Men brigadirman. Bo‘ka hududidanman. Klasterda ishlayman. Bizning klasterni ish faoliyati to‘xtatilmoqda. Mehnat qilib qo‘ydik. Sababini bilish uchun bu yerga yig‘ilib turibmiz. Shu masala bo‘yicha viloyat hokimi (Rustam Xolmatov) fikrini bilmoqchimiz. Chunki ishlarimiz yaxshi ketayotgan edi», – deydi «MAXIM GOLD TEX» xizmatchisi.

«Mana shu yerda odamlar turibdi. Qishda bizda sho‘r yuvish bo‘ladi. Ishchilar shu ishlarni bajargan. G‘allani ishi deyarli tugagan. Bitta suspenziya qilsak, yetkazib olamiz. G‘alla rivoji zo‘r. Ish yaxshi ketayotganda taqa-taq to‘xtayapti. G‘allaga dori sepishimiz kerak edi...», – deydi klasterning boshqa bir xodimi.

«Meni o‘ylantirayotgan narsa boshqa bir klaster kelsa, qo‘limdagi bolalar ishlarni bajarib bo‘lgan, ularga oylikni qayoqdan topib beraman. Ular mening uyimni buzib yuboradi. 5-6 nafar suvchim bor, yangi odam kelib, maoshingni avvalgi odamdan ol, desa, men qayoqdan topaman. Mana qishi bilan, hali tuman, hali qor, yuribmiz-da dalaning ichida», – deydi klasterning yana bir brigadiri.

Klaster mas'ullaridan yana birining so‘ziga ko‘ra, «MAXIM GOLD TEX»ning klasterlik faoliyati tugatilsa 590 kishi ishsiz qoladi. Yangi klaster necha kishini ish bilan ta'minlay olishi esa hozircha noma'lum.

«O‘tgan yil bahoridan buyon – klaster ish boshlaganidan beri ishlab kelayotgan ishchilar bor. Ularga oyliklar tarqatildi. Shartnomalar tuzildi. Ishimiz endi yurishayotganda, klaster yopilyapti. Nega qiynalayotgan vaqtda faoliyati to‘xtatilmayapti-da, ishlarni yo‘lga qo‘yib olganda to‘xtatilmoqda? Hosilga ozgina qoldi, ikki oydan so‘ng bug‘doy o‘riladi», – deydi hokimlikka kelgan ishchi.