12:19 / 24.01.2018
302831

Hokim fuqarolarning konstitutsion huquqlarini cheklab, ularning Hajga va Rossiyaga borishini taqiqladi

Foto: KUN.UZ

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev selektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Unda Aqto‘bedagi noxush hodisa oqibatlari ham muhokama qilingan. «Kun.uz» tahririyatiga ushbu yig‘ilish vaqtida yozib olingan audioyozuv yetib keldi.

Yig‘ilishda viloyat hokimi Toshloq tumanidagi barchani (Aqto‘bedagi fojiada qurbon bo‘lganlarning 16 nafari shu tumandan edi) Farg‘ona viloyatini respublikada sharmanda qilishda ayblagan. Hokim o‘z ayblovlarini qo‘pol so‘zlar bilan ifodalab, toshloqliklarni Haj ziyoratiga borishdan mahrum qilgan.

«Endi Toshloqdan hech kim Hajga bormaydi. Toshloqliklarning birontasi Haj safariga bormaydi, tirigiyam bormaydi, otasiyam bormaydi. Hammasi mahrum bo‘ldi o‘sha Toshloqdan», deya hayqirgan hokim.

Shundan so‘ng u o‘z yordamchilaridan biriga Haj safariga borish uchun ro‘yxatdan o‘tgan toshloqliklarning barchasining nomini o‘chirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

G‘aniyev fojia qurbonlarining yaqinlari uchun ajratilgan moddiy yordamni minnat qilgan.

«Eshitib qo‘yinglar, toshloqliklar! Yana bechora viloyatliklar 80 million so‘m homiylik qilishga majbur bo‘ldi. Har biri uchun 5 million so‘mdan. Buni ta'na qilish uchun gapirayotganim yo‘q», deya ta'na qiladi hokim.

«20 yashar, 22 yashar, uylanmagan yigitlar ketaveradimi? Ota-onasi nima deyapti, karaxtmi ular? Endi bechora uchastka noziri aybdor qilinadi. Mahalladagilar turibdi tishini kovlab.

Ertaga yozsa yozaversin, mani ustimdan. G‘aniyev urdi (!), hajga bormaysan dedi, falon dedi, piston dedi, qilib», deya u OAVda o‘zini tanqid qilib chiqishlaridan qo‘rqmasligini ta'kidlagan.

Hokim toshloqliklarning 2005 yilda miting qilganini ham eslab o‘tgan.

«Miting qilgan ham shular bo‘ladi, 2005 yilda ichki ishlar xodimlarini tosh otib quvlaganlar shu haromilar edi. Qaralmasa, shunaqa bo‘ladi», deydi hokim.

Shuhrat G‘aniyev Toshloq tumani hokimi H.Umarovni qattiq haqoratlagan.

«Ikki-uchtadan xotin qilganiyam Toshloqda, xotinlarni qo‘yvorib, bolalarni yetim qilib, aliment to‘lamay yurganlaram Toshloqda. Padaringa la'nat, san toshloqliklarni... Hokimdan boshlab haromilar. Respublikaga butun viloyatni sharmanda qiladiganlar. Bozor ustidan yozadiganlaram Toshloqda, bozorda o‘zi eshakmindi o‘ynaydiganlaram Toshloqda (biroz avvalroq matbuotda Toshloq tumanidagi dehqon bozori qattiq tanqid qilib chiqilgandi - tahr). 

Qo‘lingdan kemasa chiqib ket hozir zaldan, hokim bo‘lib o‘tirmasdan. Mard bo‘lsang, shunday chiqib ket-da, yo‘qolib ket! Yo‘qolib ket! Nomard!», deydi u.

Shundan so‘ng, hokim Aqto‘be mavzusiga yana qaytgan. U farg‘onaliklarning tashqi migratsiyasini ham taqiqlagan. U bunday voqealarning oldini olish uchun Farg‘onadan Toshkentga qatnovchi kirakashlar bilan hamkorlikda ish olib borishni ko‘rsatma qilgan.

Hokim O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Farg‘ona viloyat bo‘limiga murojaat qilgan.

«Siz ham Toshloqdan chiqqansiz-ey, og‘ayni. Ertaga viloyatdagi 10 ming kirakash bilan gaplashasizlar. Bularning hammasi mashinada ketgan. Poyezddayam ketmagan, samolyotdayam ketmagan. Har bir bekat tekshiriladi, GAIni rahbari Rahmatjon Toshnazarov odam beradi, tekshirasizlar. Bekatda kuzatiladi, o‘zi yuki ko‘pligidan ma'lum bo‘ladi, kim qayoqqa ketayotgani», degan hokim.

Bu vaziyatdan ko‘rinib turibdiki, Farg‘ona viloyati hokimi Aqto‘be fojiasidan to‘g‘ri xulosalar chiqarmagan. Uning qo‘lidan kelgani taqiqlashgina bo‘lmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu hodisa o‘zini jiddiy o‘zgartirgani, endi mavjud vaziyat bo‘yicha butunlay boshqacha fikrlashini aytib o‘tgandi.

«Ikki kundan beri hali ham o‘zimga kela olmayapman. Namanganga borsam, ularning ota-onalariga nima deb javob beraman? Agar oyog‘imiz yerdan uzilmay ishlaganimizda, bunday hodisalar ro‘y bermasdi. Bu voqeadan so‘ng butunlay o‘zgardim, endi boshqacha fikrlayman», degandi prezident 19 yanvar kuni Surxondaryoning Qiziriq tumanida hukumat rahbarlari va viloyat faollari ishtirokida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda.

Shu kunlarda prezident farmoni bilan O‘zbekiston fuqarolari respublikaning barcha hududlarida (Toshkent shahrida) erkin harakatlanishi kafolatlandi - propiska bo‘yicha talablar bekor qilingan tarixiy farmon imzolandi. Aqto‘bedagi yurtdoshlarimiz fojiasi davlat rahbarini shunday xalqona qarorga kelishga undadi.

Respublikada aholisi soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda bo‘lgan hudud - Farg‘ona viloyati hokimi esa yetarli ish o‘rinlari yaratganida, tadbirkorlik uchun mo‘l sharoitlar qilib berganida shunday oqibatlar kelib chiqmagan bo‘lishini o‘ylab ko‘rmadimi? Hokim fuqarolarning Konstitutsion huquqlarini cheklashga, Hajni taqiqlashga, Rossiyaga borish-kelishni taqiqlashga haqlimi? O‘zbekiston 52 farzandini yo‘qotib, motam qilayotganida bu hokim insonni qanchalar qadrlashini namoyish etib berdi.

Hokim o‘zini yozib chiqishlaridan qo‘rqmasligini baralla aytdi va mana endi xalq o‘z «qahramon»laridan birining asl yuzini ko‘rishi, unga baho berishi mumkin.

Tas-IX

 

Top