10:10 / 28.12.2018
65057

Qora bozorda ish qiladiganlar qattiq jazolanadi - Prezident

Prezident parlamentga murojaatnomasida yangi soliq konsepsiyasi haqida gapirdi.

«Fuqarolarimiz soliq to‘lashdan manfaatdor bo‘lishi kerak. 2019 yildan joriy etiladigan soliq konsepsiyasi soliq yukini kamaytirish, sodda soliq tizimini qo‘llashni ko‘zda tutadi. Bu shuningdek investorlarni jalb etishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Hozirda YaIMda yashirin iqtisodiyotning ulushi katta. Bu mamlakat rivojiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Yashirin iqtisodiyot ulushi katta ekanini deputatlar ham, boshqalar ham, hamma yaxshi biladi.

Yoki iqtisodiyotni rivojlantirish kerak, yoki eski tos-hammom bo‘lib yuraverishimiz kerak.

Soliqlarni vaqtida to‘lab yuradigan insofli tadbirkorlarni albatta rag‘batlantiramiz. Albatta hammaga bir xil bo‘la olmaymiz. Yashirin iqtisodiyot yuritadiganlarga, qora bozorda ish qiladiganlarga juda qattiq jazo beramiz. Boshqa yo‘li yo‘q.

Ma'lumki, soliq stavkalari pasaytirilishi yoki ayrim soliqlar bekor qilinishi bilan byudjyetga tushadigan mablag‘ hajmi kamayadi. Buni samarali soliq ma'muriyatchiligi orqali bartaraf etish va byudjyet barqarorligini ta'minlash mumkin. Aynan shunga erishish birinchi galdagi vazifamizdir.

Soliq ma'muriyatchiligi shunday bo‘lishi kerakki, qo‘shilgan qiymat solig‘i keng joriy qilinsa ham, bu holat iste'mol tovarlarining narxi o‘sishiga olib kelmasligi zarur.

Kelajakda hamma bir xil bo‘lishi kerak, bozor beshafqat, lekin shuni qilishimiz kerak. Falon firma, falon tashkilotga preferensiyalar bersak, rivojlanish bo‘lmaydi. Soliq imtiyozlarini bosqichma-bosqich bekor qilishimiz kerak.

Og‘ir yo‘lga o‘tyapmiz, lekin bitta shu to‘g‘ri yo‘l. Og‘ir lekin, barqarorlik yo‘li. Barqaror iqtisodiyotni ta'minlaymiz», dedi prezident.

Top