20:10 / 05.12.2018
71475

Mantiqsizlik muhitida rivojlanib bo‘ladimi?

Nega ijobiy o‘zgarishlarga qaramasdan mazkur suratlardagi kabi manzaralarni ko‘rganimizda yaxshi umidlarimiz tarqab ketadi? Nega ko‘plab barpo etilayotgan moddiy boyligu qulayliklar bu manzaralarning ta'sirida bir zumda ro‘yoga aylanadi? Nega shunday? Buni tushunishga urinib ko‘ramiz.

Idrok apparati

Inson shunday mavjudotki, u borliqda ko‘rayotgani, guvohi bo‘layotgan ishlardan ta'sirlanadi. Shu bilan birgalikda, inson ongi nafaqat voqelikdan ta'sirlanadi, balki voqelikning ta'sirida... shakllanadi ham.

Ya'ni, inson ko‘zi ko‘rib turgan ishlarning qay darajada sog‘lom aqlga – mantiqqa mos kelish-kelmasligiga qarab uning ongi ham sog‘lom yoki nosog‘lom tus oladi. Mantiqsizlikning mudhish ko‘rinishlari qurshovida qolgan insonning esa ongida mudhish – idrok «apparati»ga qattiq talofat yetkazadigan va keyinchalik tuzatish qiyin bo‘lgan o‘zgarish hosil bo‘ladi. Kap-katta odamlar mantiqsiz ishlarni qilayotganini ko‘rsangiz, sababi shundan.

E'tibor bergan bo‘lsangiz, fe'li tor, piyola sindirib qo‘ygan bolasini xuddi osmon uzilib tushgandek zug‘umga oladigan ota-onalarning farzandlari ham tor fe'lli bo‘lib qoladi. Chunki tushunchalarning «oyog‘i osmonda» bo‘lib qolgan, mantiqsiz, «piyola qadri» yuksalgan muhit bolaning narsa va hodisalarga baho berish tizimiga jiddiy shikast yetkazadi. Mazkur holat bitta, hozircha kichkina qalbning kichkinadir, kattadir fojiasini belgilaydi.

Tushunchalar almashib qolishi hodisasi jamiyat miqyosiga yoyilsa-chi?

Xatarlarning otasi

«Muvaffaqiyatli jamiyat» tushunchasining ta'rifida barcha fozil kishilar bir ovozdan «oqil, mustaqil, erkin shaxsiyatlar hamjamiyati» yoki shunga yaqin so‘zlarni aytishadi. Va bu ayni mantiq taqozosi deb bilinadi. Demak, qaysiki jamiyat muvaffaqiyatni orzu qilsa, erkin shaxslarni parvarish etmog‘i, bunga xizmat qiladigan sog‘lom mantiqli muhitni yaratmog‘i, shaxsiyatni so‘ndiruvchi, yerga uruvchi omillar bilan kurashmog‘i darkor. Muvaffaqiyatli jamiyatni yuzaga keltirishning boshqa retsepti mavjud emas.

Buyruq, tazyiq, qasamyodlar bilan kishilik jamiyatini harakatga keltirishga urinish – bu inson asliyatiga zid ish bo‘lib, tafakkur egasi bo‘lmish insonni asl maqsad-samarasidan mosuvo qiladi. Bunday qilish uning – insonning buyukligini inkor etish, aql-idroki ila yer yuzini obod etishdek vazifasini rad etish bo‘lib qoladi. Yuksak haqiqatlarga zid bo‘lgan tasarruf esa jamiyat uchun ayni xatardir – xatarlarning otasi.

Atrofga nigoh

Atrofga bir qaraylik – aynan inson shaxsiyatini e'zozlagan jamiyatlar ko‘p jihatlarda boshqalardan o‘zib ketishdi. Va kim bu ishning uddasidan chiqqan bo‘lsa, o‘sha ko‘proq rivojda odimladi. Ilm-fan rivoji va farovonlik indeksini o‘zida aks etgan ro‘yxatlarda aynan shaxsni e'zozlagan jamiyatlar peshqadam bo‘lib turibdi. Demak, bu ayni mantiq taqozosi ekan. Shaxsni cheklaydigan, shaxsga zug‘um o‘tkazadigan davlatlar esa bu ro‘yxatda pastda turadi.

Totalitar, shaxs erkini cheklaydigan davlatlarning biror-bir moddiy natijaga erishishi esa ko‘plab qurbonlar evaziga, cheklov choralariga sarflangan buyuk kuch, mablag‘ va erksevar kishilarni muntazam jazolab turish evaziga bo‘ladi. Va bir qarashda ko‘zga ijobiy bo‘lib ko‘ringan bunday natijalar, shaxsning yuksalishiga xizmat qilmagani, shaxs va jamiyat uyg‘unligiga yetaklamagani bois, aslida, umri qisqa va samarasiz bo‘ladi.

Tarix guvoh: tushunchalari almashib qolib, inson sha'ni qadrsizlanadigan jamiyatning hayoti dramatik voqealarga boy bo‘ladi va bunday jamiyat o‘zini tuzatmasa, fojialarga ulashib ketadi. Yaqin va uzoq tarixga teran nazar tashlasak, shunday qonuniyatning guvohi bo‘lamiz.

Shokka tushgan ong tajribasidan

Suratlardagi kabi mantiqsizlik kuppa-kunduzi, hammaning ko‘z o‘ngida yuz berib turganda nima bo‘layotganini bilmay qolgan ong falajlanib qolar, nima deyishni bilmay qolgan til esa aylanmay, noiloj o‘z o‘rnida – tishlar orasida jimgina qolar ekan. Qiziq jihati shundaki, bunday paytda, garchi dolzarb bo‘lsada, boshqa masalalar o‘z vaznini yo‘qotib qo‘yib, vaznsizlik muhitiga tushib qolgan narsadek muallaq turib qolar ekan.

O‘zining yuqori nuqtasiga – kulminatsiyasiga yetgan mantiqsizlik ong va irodani falaj qilish qudratiga ega bo‘lgan «kuchdir». Zero, mantiqsizlik shunday bir dardki, u hech bir qadriyatni, hech bir azizlikni qo‘ymasdan – hammasini oyoqosti qiladi. Va buni u ehtirossiz bajaradi va bu bilan irodangiz ustidan g‘olib keladi. Inson qadri-qimmati bo‘ladimi, yeru osmonni tutib turgan ma'naviy ustunlar bo‘ladimi – mantiqsizlik uchun farqi yo‘q, uning ishi barchasini ma'nosizlantirib, shu bilan hammasini «tep-tekis» qilish va o‘z saltanatini – mantiqsizlik muhitini o‘rnatish.

Mantiqsizlik muhitida rivojlanib bo‘ladimi?

Yengil mushohadaning o‘zi bunday muhitda rivojlanish aslo mumkin emasligini isbotlab turibdi. Fitratida mantiqqa intilish, mantiqqa mos keladigan tasarrufdan, manzaralardan orom va ilhom olish xislati jo bo‘lgan hazrati Insonning shaxsiyati mantiqsizlik muhitida inqirozga uchraydi, tubanlashadi va hech bir bunyodkorlikka qodir bo‘lmay qoladi.

Mantiqiy algoritmi izidan chiqqan insonlardan tarkib topgan jamiyat esa asosiy samara manbaidan ayrilgani bois rivojga yuz tutmaydi, «uchinchi dunyo» mamlakatlari safida qolishga mahkum bo‘ladi.

Buni jiddiy o‘ylash kerak.

Shokir Sharipov

Mavzuga oid
Top