10:15 / 14.12.2018
8380

Senat yalpi majlisining ikkinchi kuni. Kun tartibidan qanday masalalar o‘rin olgan?

Foto: Ma'ruf Asqarov / KUN.UZ

Bugun, 14 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n yettinchi yalpi majlisining ikkinchi ish kuni boshlandi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, senatorlar yalpi majlisning ikkinchi kunida «Xalqaro migratsiya tashkiloti Konstitutsiyasini (Bryussel, 1953 yil 19 oktabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqishadi.

Senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi «Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5594-sonli Farmonini tasdiqlash, 2019 yilda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etish dasturi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish kabi masalalar ham ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, bugun Senat a'zolari kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga kirish va uni o‘tashga oid qonun hujjatlari ijrosi holati va bu sohadagi huquqni qo‘llash amaliyoti yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovga, Imkoniyati cheklangan yoshlarning ta'lim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimovga parlament so‘rovi yuborish masalalarini ko‘rib chiqishadi.

Ma'lumot uchun, Senatning o‘n yettinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarlikning oldini olish sohasidagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti ​va O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish bo‘yicha faoliyati to‘g‘risidagi axboroti tinglanishi belgilangan.

Top