07:35 / 10.07.2019
33437

Prezident qarori: O‘zbekistonda neft-gaz sektori isloh qilinmoqda, «O‘ztransgaz» «O‘zbekneftgaz» tarkibidan chiqarildi

Foto: EPA

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta'minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, geologiya qidiruv ishlari, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va narxlarni shakllantirish ishlarining samarasizligi respublika iqtisodiyoti va aholisining energiya resurslari bilan to‘liq ta'minlanmasligiga, neft-gaz tarmog‘i korxonalari moliyaviy holatining yomonlashuviga olib keldi.

Jumladan, so‘nggi 20 yilda tabiiy gaz qazib olish hajmi 8 foizga oshgani holda mamlakat korxonalari tomonidan uni qazib olish hajmi 29 foizga pasaydi, 2008-2018 yilda tasdiqlangan tabiiy gaz zaxiralari 4 foizga qisqardi, o‘tgan 5 yil davomida tabiiy gazning tabiiy zaxiralari o‘rnini to‘ldirish bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 70 foizga yaqin hajmni tashkil etdi.

2017-2018 yillarda moliyaviy mablag‘larning yetishmasligi va moddiy-texnik resurslarning taqchilligi natijasida tabiiy gaz qazib olishning o‘sishi prognoz ko‘rsatkichlariga nisbatan 42 foizni tashkil etgan xolos.

Tartibga solish funksiyalari va tijorat faoliyatini o‘zida birlashtirgan boshqaruvning eskirgan va shaffof bo‘lmagan tizimi neft-gaz tarmog‘i korxonalarida zamonaviy menejmentni joriy etishga, ularning moliyaviy barqarorligi va rentabelligini oshirishga to‘sqinlik qilmoqda.

Respublika iqtisodiyoti va aholisining energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish, neft-gaz tarmog‘i korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirishni ta'minlash, qabul qilingan xalqaro amaliyot asosida sog‘lom raqobatni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, zamonaviy raqamli texnologiyalarni va ilg‘or boshqaruv usullarini joriy etish maqsadida:

Xalqaro konsalting kompaniyalari va xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining neft-gaz tarmog‘ini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilgan.

O‘zbekiston Respublikasining neft-gaz tarmog‘ini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha respublika ishchi komissiyasi tuzildi.

Respublika ishchi komissiyasi (A.N.Aripov) bir oy muddatda:

a) amalga oshirilayotgan islohotlarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining neft-gaz tarmog‘ini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni tasdiqlaydi va bunda quyidagilarga alohida e'tibor qaratadi:

uglevodorod xomashyosini qazib olish hajmlarini ko‘paytirish;

gaz-transport tizimini modernizatsiya qilish;

tabiiy gazni qazib olish, qayta ishlash, yetkazib berish va sotishni hisob-kitob va nazorat qilish ishlarini takomillashtirish;

investitsiyaviy loyihalarni tanqidiy o‘rganish va maqbullashtirish, shuningdek, ularni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish;

neft-gaz tarmog‘i korxonalarida moliyaviy intizomni mustahkamlash va narx shakllanishini takomillashtirish;

b) O‘zbekiston Respublikasining neft-gaz tarmog‘ini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining har bir yo‘nalishi bo‘yicha ishchi komissiyalar tarkibini tasdiqlaydi;

v) tashkil qilinayotgan ishchi komissiyalari bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining neft-gaz tarmog‘ini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumatlar moliya tashkilotlari (XMI/XHMT) va konsalting kompaniyalarini jalb qilish choralarini ko‘radi;

g) Energetika vazirligida boshqaruv xodimlari soni 20 shtat birlikdan oshmagan, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari, XMI/XHMT texnik ko‘maklashish mablag‘lari (grantlari) hisobidan moliyalashtiriladigan neft-gaz tarmog‘ini isloh qilishni muvofiqlashtirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil qilinishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligining Osiyo taraqqiyot bankining texnik ko‘magida tayyorlangan va quyidagilarni nazarda tutuvchi “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi tizimini takomillashtirish va samarali tashkiliy tuzilmasini shakllantirish bo‘yicha takliflariga rozilik berildi:

“O‘zbekneftgaz” AJga “O‘zburg‘uneftgaz” AJ, “O‘zneftgazqazibchiqarish” AJ, “O‘zneftmahsulot” AJ, “O‘zneftgazmash” AJlarni qo‘shish, “O‘zbekneftgaz” AJ ijro etuvchi apparati tarkibida tugatilayotgan bo‘g‘inlarning vazifalari va funksiyalarini bajaruvchi tegishli bo‘linmalarni tashkil etish orqali tizim boshqaruvida ortiqcha bo‘g‘inlarni qisqartirish;

“O‘ztransgaz” AJni “O‘zbekneftgaz” AJ tarkibidan chiqarish va “O‘zbekneftgaz” AJning “O‘ztransgaz” AJ ustav kapitalidagi ulushini O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga (Agentlik) berish;

“O‘ztransgaz” AJning gaz ta'minoti bo‘yicha hududiy filiallari negizida “Hududgazta'minot” AJni tashkil qilish va Agentlikni uning aksiyadori etib belgilash.

Quyidagilarga:

a) “O‘ztransgaz” AJga:

tabiiy gazni keyinchalik yagona operator sifatida yetkazib berish, jumladan, eksport va import qilish uchun gaz qazib oluvchi va qayta ishlovchi tashkilotlar, shu jumladan, mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitimlar asosida faoliyat yurituvchi qo‘shma korxonalar va xorijiy kompaniyalardan xarid qilish;

to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida magistral gaz quvuriga ulangan iste'molchilarga, shuningdek, “Hududgazta'minot” AJ bilan komissiya shartnomalari asosida gaz taqsimlash tarmoqlariga ulangan iste'molchilarga tabiiy gazni sotish;

b) “Hududgazta'minot” AJga:

gaz taqsimlash tarmoqlarini va tegishli uskunalarni xavfsiz ekspluatatsiya qoidalarining normativ talablariga rioya qilgan holda ekspluatatsiya qilish;

suyultirilgan gazni xarid qilish, yetkazib berish, saqlash hamda aholi va ijtimoiy soha obektlariga sotish funksiyalari yuklandi.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Agentlik, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining quyidagi takliflari ma'qullandi:

“O‘zneftmahsulot” AJ tasarrufidagi fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatuvchi 1 381 ta avtomobilga yoqilg‘i quyish shoxobchalarini tadbirkorlik sub'yektlariga auksion savdolari orqali sotish hamda olis, yetib borish qiyin bo‘lgan aholi punktlarida yoqilg‘i mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatini ta'minlashning muqobil tizimini joriy qilish;

gaz ta'minoti bo‘yicha viloyat, tumanlararo (shahar) filiallariga yoki ularning uchastkalariga biriktirilgan gaz ta'minoti obektlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida gaz taqsimlash tarmoqlari va tegishli uskunalarni ekspluatatsiya qilish va iste'molchilarga tabiiy gazni sotish funksiyalarini bajarish uchun xususiy operatorlar boshqaruviga bosqichma-bosqich berish;

“O‘zbekneftgaz” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarning asosiy faoliyat turi bilan bog‘liq bo‘lmagan, shu jumladan, avval qabul qilingan hukumat qarorlariga muvofiq sotish ko‘zda tutilgan aktivlarini, sotuvga qo‘yilgan paytdan boshlab bir oy davomida talabgorlar bo‘lmagan taqdirda boshlang‘ich narxni qadam-baqadam pasaytirish yo‘li bilan sotish;

“O‘zbekneftgaz” AJ tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning bozorlar, savdo va chorvachilik komplekslari ustav kapitalidagi ulushlarini mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga berish;

“O‘zbekneftgaz” AJ va uning tarkibiga kiruvchi korxonalarning servis tashkilotlari va boshqa tashkilotlar ustav kapitalidagi ulushlarini Agentlikka berish;

tabiiy gazni va suyuq uglevodorodlarni qazish, qayta ishlash, tashish, uzatish va sotishning barcha bosqichlarida resurslar hisobini yuritish bo‘yicha elektron uskunalarni qo‘llash orqali ularning alohida hisobi yuritilishini joriy etish;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga uglevodorod xomashyosi yangi konlarini aniqlash, zaxiralarni ko‘paytirishni ta'minlash maqsadida respublika uglevodorod xomashyosi zaxiralarini jadal rivojlantirish va qayta tiklash, geologiya qidiruv ishlarining samaradorligi va natijadorligini oshirish bo‘yicha funksiyalarni berish.

Hozirgi bosqichdagi eng muhim vazifa sifatida quyidagilar belgilandi:

a) “O‘zbekneftgaz” AJ uchun – 2024 yilga kelib uglevodorod xomashyosi, shu jumladan, tabiiy gaz qazib olish hajmini 42,3 milliard metr kubga va suyultirilgan gazni 1,5 million tonnaga yetkazish, shu bilan iqtisodiyot tarmoqlari va aholining ehtiyojlarini to‘liq qondirishni, shuningdek, kompaniyaning daromadi ortishini, shu jumladan, quyidagilar hisobidan ta'minlash:

investitsiya kiritishning xorijiy amaliyotda keng tarqalgan shartlari va mexanizmlari asosida qazib olinishi qiyin bo‘lgan konlarda uglevodorod xomashyosini qazib olishga dunyoning yirik neft-gaz kompaniyalarini jalb qilish;

mustaqil xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda neft-gaz tarmog‘i korxonalarining operatsion samaradorligini oshirish va xarajatlarini maqbullashtirish, shuningdek, ularning qarz yuklamasini kamaytirish;

ishlab chiqilgan konlarda zamonaviy texnologiyalar asosida uglevodorod xomashyosi qazib olishning unumdorligini oshirish;

2020-2022 yillarda milliy neft-gaz tashkilotlari tomonidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bo‘yicha xalqaro tender savdolarida ishtirok etish uchun kamida 6 ta xorijiy nefservis tashkilotlarini jalb qilish;
xorijiy tajribani hisobga olgan holda, shu jumladan, “Raqamli kon” konsepsiyasini amalga oshirish asosida ish faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish;

xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda neft-gaz tarmog‘idagi investitsiya loyihalarini tanqidiy o‘rganish va mahalliy neft-gaz qazib oluvchi korxonalarning real moliyaviy imkoniyatlariga qarab maqbullashtirish;

b) “O‘ztransgaz” AJ uchun – shu jumladan, quyidagilar hisobiga gaz transport tizimining “zaif” jihatlarini bartaraf etish va uning tranzit salohiyatini rivojlantirish:

gaz quvurlari va kompressor stansiyalarini, shu jumladan, XMI/XHMT mablag‘larini jalb etish orqali qurish, rekonstruksiya qilish;

yer osti gazni saqlash stansiyalarida tabiiy gazni saqlash hajmlarini oshirish;

yuqori bosimli gaz taqsimlash punktlarida tabiiy gaz oqimlarining monitoringi va boshqaruvi tizimini (SCADA) hamda avtomatlashtirilgan nazorat tizimlarini joriy etish;

v) “Hududgazta'minot” AJ uchun – tabiiy gazni iste'molchilarga yetkazishda yo‘qotishlarni, shu jumladan, quyidagilar hisobiga kamaytirish:

faoliyat ko‘rsatayotgan gaz taqsimlash punktlari hamda tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish;

2022 yilga qadar Tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini barcha turdagi iste'molchilar uchun to‘liq joriy etish;

davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida gaz taqsimlash tarmoqlari va tegishli uskunalarni ekspluatatsiya qilish, shuningdek, iste'molchilarga tabiiy gazni sotish funksiyalarini bajarish uchun gaz ta'minoti obektlarini xususiy operatorlar boshqaruviga bosqichma-bosqich berish.

Mavzuga oid
Top