21:40 / 11.01.2019
62242

Yer uchastkalarini xususiylashtirishga ruxsat berildi

Foto: Pixabay

Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Prezidentining farmoni qabul qilindi.

Farmonda ko‘rsatilishicha, 2019 yil 1 iyuldan boshlab shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

·        yuridik shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari ularga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan yoki ular tomonidan xususiylashtirilayotgan bino va inshootlar, sanoat infratuzilmasi obektlari joylashgan yer uchastkalarini, shuningdek ularga tutash hududlardagi ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur miqdordagi yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega;

·        jismoniy shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ularga yakka tartibda uy-joy qurish va turar joyga xizmat ko‘rsatish uchun ajratilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish huquqiga ega;

·        ko‘rsatilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish jismoniy va yuridik shaxslarning arizalari asosida mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori bilan amalga oshiriladi;

·        jismoniy va yuridik shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan xususiylashtirilgan yer uchastkalari xususiy mulk (fuqarolik muomalasi obektlari) hisoblanadi va daxlsizdir, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq davlat tomonidan muhofaza qilinadi;

·        yer uchastkalarini xususiylashtirish faqatgina kadastr hujjatlari mavjud bo‘lgan holda hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdorlarda pullik asosda amalga oshiriladi.

Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga O‘zbekiston Respublikasining “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasini kiritishi hamda 2019 yil 1 iyunga qadar xususiylashtiriladigan yer uchastkalari uchun tabaqalashtirilgan to‘lovlar miqdorlari, shuningdek ularni to‘lash tartibini belgilovchi hukumat qarorini qabul qilishi belgilab qo‘yildi.

Mavzuga oid
Top