13:52 / 23.08.2018
7283

Turkmaniston va Qirg‘iziston bir nechta yo‘nalishda hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi

Foto: prezident.kg

Ashxoboddagi “Og‘uzxon” kompleksida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov va Qirg‘iziston rahbari Sooronbay Jeenbekov o‘rtasida tor doiradagi muzokara bo‘lib o‘tdi.

“Turkmaniston bugun” hukumat axborot agentligi xabar berishicha, ikki rahbar o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi. Jumladan, savdo-iqtisodiy va gumanitar yo‘nalishlarda aloqalar kuchaytiriladi. Muzokara davomida mintaqaviy va global muammolar, ularning yechimi borasida ham fikrlar almashildi. 

S.Jeenbekov G.Berdimuhammedov taklifi bilan birinchi marta rasmiy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘ldi. 

Tashrif davomida turli sohalar bo‘yicha hujjatlar imzolanishi, OAV vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. 

Rejaga ko‘ra, Qirg‘iziston prezidenti Qipchoqdagi ma'naviyat masjidi, Olimpiya shaharchasi va Ashxobod to‘qimachilik kompleksiga tashrif buyuradi. 

Kechki payt S.Jeenbekov Orolni qutqarish Xalqaro jamg‘armasi sammiti o‘tkaziladigan Turkmanboshi shahriga uchib ketadi.

Top