15:50 / 20.01.2018
126545

«Mendan so‘rasangiz – hammasiga sifatsiz ta'lim aybdor deyman»

Foto: Qozog‘iston FVV

Favqulodda vaziyatlar vazirligi bugun Qozog‘istondagi fojiada halok bo‘lgan 49 nafar yurtdoshlarimizning ro‘yxatini e'lon qildi. Ro‘yxatni ko‘rib, yurak-bag‘rim yana qon bo‘ldi. Albatta har bir vafot etgan shaxsning dog‘i barchamiz uchun yuk, lekin halok bo‘lganlar orasida ota-bola, aka-ukalarning borligi qalbimizni battar tirnayapti.

Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidan ota-bola – 1970 yilda tug‘ilgan Ma'rifjonov Adhamjon (48 yosh) hamda ularning farzandi Avazbek (21 yosh) ham halok bo‘libdi.

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidan aka-ukalar Madraximov Xamidullo (32 yosh) va Xabibullo (27 yosh) bu yorug‘ olamni erta tark etishdi.

Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidan Muxsinjonovlar oilasida ham yana bir aka-ukalar Turdiali (24 yosh) va Abdulboqi (22 yosh) ham endi oramizda yo‘q.

Qanday fojia yuz berganini his qilib ko‘ryapsizmi o‘zi?

Qanchadan-qancha oila suyangan tog‘i, oila boshisini yo‘qotdi. Qanchadan-qancha ota-onalar navqiron, ayni kuchga to‘lgan farzandu jigarbandidan ayrildi. Vodiy uzra motam qora buluti kezib yuribdi...

Ijtimoiy tarmoqlarda bularga kim aybdor, degan savollarni ko‘p berishmoqda. Ayrimlar ishsizlikdan tortib, bilet narxlarigacha, qishloqlarda sharoit yo‘qligidan tortib marhumlarning o‘zlarini ham aybdor qilib ko‘rsatishgacha borishyapti.

Lekin mendan so‘rasangiz, bularning barchasiga sifatsiz ta'lim aybdor, deb javob beraman.

Ishsizlik ko‘pmi? Chunki, ta'lim tizimimiz yangi ish o‘rinlarini ochadigan, innovatsion g‘oyalar, tashabbuskorlik bilan yashaydigan har tomonlama yetuk kadrlar yetishtirib bera olmayapti.

Tadbirkorlarimiz rivojlanmayaptimi? Chunki, ta'lim tizimimiz tadbirkorning yuragi bo‘lgan kuchli menedjyerlar, marketologlar, uzoqni ko‘ra oladigan moliyachilarni yetishtirib bera olmayapti.

Korrupsiya kuchlimi? Chunki ta'lim tizimimizning boshlanish bulog‘i korrupsiyadan boshlanadi. Bog‘chaga bolangizni qo‘yishdan pul bilan boshlaganingizdan keyin u toki institutni tugatib diplom olgungacha qanchadan-qancha qorni qappaygan vijdonsiz rahbarlarning cho‘ntagini boyitishingiz kerak.

Chetda mardikorlik qilishyaptimi? Chunki ta'lim tizimimiz zamonaviy mehnat bozoriga bardosh bera oladigan, raqobatbardosh kadrlar tayyorlab bera olmayapti. Bizning ta'limdan chiqqanlarning ko‘pchiligi (hammasi emas) nari borsa ko‘cha supurish yoki qurilish qilishga yarayapti xolos.

Xo‘sh, yana qaysi soha kerak? Yurtimizda malakali shifokorlar kammi? Chunki tibbiy ta'lim chirib bitgan. Yurtimiz o‘z tabiiy boyliklaridan maqsadli foydalana olmayaptimi? Chunki neft-gaz, geologiya va shu kabi sohalarda pichoqqa ilinadigan mutaxassis tayyorlash ta'lim tizimimiz uchun amri mahol.

Yurtimiz yerlari kam samarali ekinlar bilan band qilinyaptimi? Chunki ta'lim tizimimiz qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya-melioratsiya sohasida birorta natija ko‘rsata olmayapti.

Umuman mamlakatimizda qaysi soha oqsayotgan bo‘lsa, qaysi sohada tizim ishdan chiqqan bo‘lsa, bilingki ularning tag zamirida sifatsiz ta'lim yotadi. Ta'limi rivojlanmagan, o‘qituvchisi hurmatga ega bo‘lmagan jamiyat hech vaqoga erisha olmaydi. Bunday jamiyatning boshida faqat motam bo‘ladi xolos.

Qozog‘istondagi fojiada kirish imtihonlarida nafsiga qul bo‘lib, millatiga xiyonat qilayotgan korruptsioner mas'ullarning hissasi bor.

Qozog‘istondagi fojiada o‘qituvchini paxta dalasiga haydagan, ularga ko‘cha supurtirgan mas'ullarning hissasi bor.

Qozog‘istondagi fojiada o‘qituvchilarni qog‘ozbozlikka ko‘mib, har bir yo‘talgani uchun ham hujjat so‘raydigan tizimni yaratib qo‘ygan mas'ullarning hissasi bor.

Qozog‘istondagi fojiada sessiya paytlari jaraq-jaraq pullar evaziga kallasi bo‘m-bo‘sh talabalarni himoya qiladiganlarning hissasi bor.

Qozog‘istondagi fojiada sifatli ta'lim tizimini yaratish uchun mas'ul bo‘lgan, lekin buni shuncha yildan buyon uddalay olmayotgan barchaning hissasi bor.

Kelgusida bunday fojialar yana takrorlanmasligi uchun “bizda hammasi yaxshi, ta'limga e'tibor katta, ko‘p mablag‘lar ajratyapmiz, kirish imtihonlarida qing‘irliklar aniqlanmadi, 5-6 nafar o‘quvchilarimiz xalqaro olimpiadada o‘rin oldi, demak tizim zo‘r” degan oldi-qochdi gaplarni bugundan yig‘ishtirib, ilm-fanni, intellektual olamni rivojlantirish, o‘qituvchilarning nufuzi va salohiyatini oshirish yo‘lida jiddiy, keng ko‘lamli islohotlarni boshlashimiz kerak.

Ertaga kech bo‘lishi mumkin... Har 2-3 oyda o‘zga yurtga ish izlab ketayotgan 50-60 nafar begunoh yurtdoshlarimizdan ayrilib qolishni jimgina kuzatish og‘ir.

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Mavzu
Aqto‘beda fojia

Qozog‘istonda yo‘lovchi avtobusi yonib ketishi oqibatida kamida 52 kishi halok bo‘ldi. Ular O‘zbekiston fuqarolari edi

Barchasi
Top