12:51 / 02.05.2015
3282

Toshkentda korporativ boshqaruv tizimining dolzarb masalalari muhokama etildi

Fabrika FormatovDSC_12431 Kun.uz: 2015 yil 1 may kuni O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan “O‘zbekistonda korporativ boshqaruv tizimini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari va dolzarb masalalari” mavzusida amaliy muloqot tashkil etildi. Bir qator manfaatdor tashkilot va idoralar vakillari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan “Aktsiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilab berilgan ustuvor vazifalarga e'tibor qaratildi. Mazkur farmon to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini tubdan oshirish va sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tarish, korporativ boshqaruv uslublarini keng joriy etish kabi masalalarni zamon talablaridan kelib chiqqan holda hal etish orqali pirovardida iqtisodiyot raqobatdoshligini oshirishga yo‘naltirilgan muhim tarixiy ahamiyatga ega hujjat sifatida e'tirof etildi. Yurtimizda o‘tgan yillar davomida bozor iqtisodiyoti sohasidagi o‘zgarishlarning ishonchli qonunchilik bazasini shakllantirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Prezidentimiz farmonining mazmun-mohiyatidan ko‘rinib turibdiki, bularning barchasini e'tirof etgan holda, mavjud qonunlarning ko‘pchiligini ularni qo‘llash amaliyoti va mamlakatimizda bozor munosabatlari rivojlanishining hozirgi davrdagi real holatiga ko‘ra jiddiy qayta ko‘rib chiqilgan. Misol uchun, aksiyadorlik kompaniyalari prinsipi bo‘yicha tashkil etilgan ishlab chiqarish obektlari o‘z maqomiga qay darajada mos faoliyat yuritishi, o‘z huquqlaridan qanday foydalanishi, aksiyadorlik kompaniyalari talab darajasida ishlashi uchun yana qanday mexanizmlarni harakatga keltirish zarur, degan savollarga atroflicha javob berilgan. Tadbir ishtirokchilari bugungi kunda aksiyadorlik jamiyatlarining faoliyati o‘nlab qonun va qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinishiga qaramasdan hali-xanuz aksiyadorlik jamiyatlarining kuzatuv kengashlari, umumiy yig‘ilishlari, taftish komissiyalari o‘zlari boshqarayotgan aksiyadorlik jamiyatlarini yaqin va istiqbolda shu jamiyatning barcha aksiyadorlari, ayniqsa, minoritar, ya'ni qo‘lida aksiyasi kam bo‘lganlarning manfaatlarini to‘la-to‘kis kafolatlay ololmayotgani, bu esa bo‘lajak investorlarning aksiyadorlik kompaniyalari faoliyati to‘g‘risida axborot olishiga to‘sqinlik qilib kelayotganini alohida e'tirof etishdi. Prezidentimiz mamlakatni 2014 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma'ruzasida ham mazkur masalaga yana bir bor to‘xtalib, korporativ boshqaruv tizimidagi prinsip va yondashuvlarni tubdan o‘zgartirish, ishlab chiqarish, tashqi iqtisodiy va investitsiya jarayonlariga zamonaviy xalqaro korporativ menejment standartlarini joriy etishga jiddiy e'tibor qaratilgani ta'kidlandi. Farmonda ustuvor yo‘nalishlardan biri – chet el kapitali ishtirok etgan aksiyadorlik jamiyatlarini tashkil qilish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etishda alohida e'tibor qaratilgan. Unda qatnashayotgan kapital egasi – investor o‘z mablag‘ining himoyalanganligini ta'minlashga va o‘zining manfaatlari uchun ishlatishni istagani sayin, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotning raqobatbardosh, nafaqat ichki, balki tashqi bozorda xaridorgir bo‘lishi va sotilishini xohlaydi. Ta'kidlash joizki, mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, jahon bozorlarida uning raqobatdoshligini oshirishning zarur sharti sifatida yurt iqtisodiyotiga shu yo‘l bilan investitsiyalarning jalb qilinishi, bu orqali real iqtisodiyot sohasida, birinchi navbatda, sanoatning yetakchi tarmoqlarida xususiy mulkning munosib o‘rin egallashiga mustahkam zamin yaratibgina qolmay, yangi investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish, ularni amalga oshirish, sanoatning yuqori texnologiyalarga asoslangan va qayta ishlaydigan tarmoqlariga jalb etishni rag‘batlantirish, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi kompaniyalarning ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatini yengillashtirishda juda qo‘l keladi. Bugungi kunda mamlakatimizda 1100 atrofida aksiyadorlik jamiyati faoliyat yuritayotganligi va ularning Investitsion dasturni amalga oshirishdagi ulushini hisobga olganda, farmondagi vazifalarning iqtisodiyotni diversifikatsiyalash va modernizatsiyalashda naqadar katta ahamiyatga ega ekanligini ko‘rish mumkin. Xususan, aksiyadorlik jamiyatlari 2015 yilda 4,8 mlrd. dollar miqdoridagi 53 ta loyihani amalga oshirishga salmoqli hissa qo‘shmoqdalar. Shuningdek, bu farmon bo‘lajak investorlar uchun aksiyalarning ochiqligi va jozibadorligini ta'minlash, korxonalarni strategik boshqarishda aksiyadorlar rolini kuchaytirish bo‘yicha yaratilayotgan sharoitlar yangi korporativ boshqaruv dastaklari orqali aksiyadorlik jamiyatlarining investitsiyaviy va moddiy-texnik, shuningdek, moliyaviy va mehnat resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada oshiradi. Keng ko‘lamli islohotlar tufayli yaxshilanadigan investitsion muhit nafaqat markaz yoki sanoat hududlari, balki respublikamizning barcha mintaqalarida investitsion jozibadorlikni oshirish bo‘yicha boshlangan xayrli ishlarga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarini faol jalb etishda ham keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Shuningdek, yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoatning ishtiroki, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushini oshirishga xizmat qiladi. O‘zLiDeP Matbuot xizmati bildirishicha, tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan Farmonga asosan, amaldagi bir qator qonunlarga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish, ayniqsa “Aktsiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunni yana bir bor tanqidiy nazar bilan inventarizatsiya qilish zarurati, davlat mulkini boshqarish sohasidagi, investitsion faoliyatning turli ko‘rinishlarini, jumladan jamoaviy investitsiyalash tartib-taomillarini belgilab beruvchi yangi qonunlarni qabul qilish, cohadagi qonun hujjatlari ijrosi ustidan deputatlik, parlament nazoratini yanada kuchaytirish masalasida qator amaliy taklif va tavsiyalar bildirildi. xab-1
Top