10:03 / 09.05.2015
6862

Oq Uy oldidan Rossiya tanklari o‘tgani qayd qilingan videolavha internetda paydo bo‘ldi

Internetda o‘ziga xos videolavha paydo bo‘ldi. Unda Oq Uy oldidan Rossiya tanklarining o‘tishi qayd qilingan. Qisqa muddatda minglab foydalanuvchilar ushbu videoni tomosha qilishga ulgurdi. Maxsus xizmatlar kadrlarni o‘rganib chiqishdi. Ma'lum bo‘lishicha, lavha ijodkorlari Moskvadagi G‘alaba Paradi kadrlarini Oq Uy tasviriga proyeksiya qilgan.
“Vesti” gazetasining ma'lum qilishicha, rossiyalik ayrim ijodkorlar AQSh prezidentining paradga tashrif buyurishdan bosh tortgani tufayli “Obama paradga kelmasa, parad Obamaga boradi” qabilida ish tutishga qaror qilishgan.
Ukraina matbuoti ushbu videolavhani “Rossiyaning navbatdagi provokatsiyasi” deb baholagan.
Videolavhani kim tayyorlagani aniqlangan: lavha so‘ngida “vejlivyyetanki.rf” yozuvini ko‘rish mumkin. Bu “Set” yoshlar loyihasiga tegishli saytdir.
“Hozir biz festivalga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Uni qo‘llab-quvvatlash uchun bolalar videorolik suratga olishgan edi. May oyida uni internetga joylashtirishga qaror qildik. Bir kunda u million marta ko‘rildi. Biz buni kutmagandik. Bu provokatsiya emas, shunchaki o‘z festivalimizni reklama qilmoqchi edik”, - dedi loyiha matbuot kotibi Anastasiya Melnik.

Top