21:13 / 12.05.2015
3602

Namanganda yosh oilalarga "Kamolot" uyi topshirildi

Namangan viloyatining Uychi tumanida to‘rt qavatli, 32 xonadondan iborat “Kamolot” uyi foydalanishga topshirildi. Zamonaviy arxitektura loyihalari asosida barpo etilgan ko‘p qavatli uyda yosh oilalar uchun barcha sharoit va qulayliklar yaratilgan.

Uning tantanali foydalanishga topshirish marosimida so‘zga chiqqanlar Prezidentimiz rahnamoligida istiqlol yillarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar inson va uning manfaatlariga qaratilgani, aholi, xususan, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini alohida qayd etishdi.

Viloyatning Uychi tumani markazida foydalanishga topshirilgan yangi uy-joylar ham bu fikrlarning yorqin dalilidir.

— Yangi uyga ko‘chib o‘tganimizdan xursandmiz, — deydi sportning qo‘l jangi turi bo‘yicha besh karra O‘zbekiston chempioni, sport ustasi Rasuljon Jo‘rayev. — Bu yerda barcha qulayliklar muhayyo. Bunday uylar imtiyozli kredit asosida berilishi biz — yosh oilalar uchun katta imkoniyat va g‘amxo‘rlikdir.

Tantanali tadbirda viloyat hokimi B.Yusupov ishtirok etdi.

Top