08:20 / 13.05.2015
19354

Islom Karimov: "Eski shahar"zamonaviy shaharga aylanadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 12 may kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.

Xadra maydonida 2013 yili ulkan qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirilgan edi. Aholi va transport vositalarining harakatlanishi uchun qulay imkoniyat yaratish maqsadida Furqat ko‘chasini Zarqaynar va Sebzor ko‘chalari bilan bog‘laydigan yer osti avtomobil yo‘li rekonstruksiya qilingandi. Buning uzviy davomi sifatida Sebzor ko‘chasi bo‘ylab Abdulla Qodiriy ko‘chasi ustidan o‘tadigan yangi ko‘prik qurildi. 



Prezident Islom Karimov 12 may kuni ushbu ko‘prikni borib ko‘rdi.

Ilgari bu chorrahada ikkita katta ko‘cha kesishar, oqibatda tirbandlik yuzaga kelib, haydovchi va yo‘lovchilarning ortiqcha vaqt yo‘qotishiga, yoqilg‘i sarfi oshib, atrof-muhit ifloslanishiga sabab bo‘lardi. 

Davlat rahbari tashabbusi bilan bu yerda eni 26, uzunligi qariyb 500 metr bo‘lgan zamonaviy ko‘prik bunyod etildi. Abdulla Qodiriy ko‘chasining har bir yo‘nalishi to‘rt polosali qilib kengaytirildi. 



Shu paytgacha Sebzor ko‘chasining o‘tkazuvchanlik imkoniyati soatiga 3200 avtomobilni tashkil etgan bo‘lsa, 6 qatorli ko‘prik qurilishi samarasida bu ko‘rsatkich 9800 taga yetadi. Abdulla Qodiriy ko‘chasida ham endi avtomobillar qatnovi 2400 tadan 5600 taga ortadi. Bu nafaqat ushbu chorrahadagi tirbandlikni bartaraf etadi, balki Nurafshon, Abay, Olmazor, Zulfiyaxonim, Qorasaroy, Sag‘bon, Zarqaynar, Navoiy, Saqichmon ko‘chalaridagi qatnovga ham ijobiy ta'sir qiladi. 

E'tiborlisi, shunday katta chorrahada bironta ham svetofor yo‘q. Yo‘lovchilar ham, avtomobillar ham bu yerda to‘xtovsiz va xavfsiz harakatlana oladi. 

Ushbu yangi inshoot “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik kompaniyasiga qarashli “Ko‘prikqurilish” tresti tomonidan bunyod etilgan. Xorijning eng zamonaviy texnologiyalari va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan qurilish materiallaridan foydalanilgan. 

Prezident bu yerda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishar ekan, yo‘lsoz va quruvchilarning mehnatiga yuksak baho berdi.

Avvallari biror inshoot yoki ko‘prik qurish kerak bo‘lsa, kimni yordamga chaqirishni o‘ylardik, dedi Islom Karimov. Bitta ko‘prik qurish uchun ikki-uch yil vaqt ketardi. Endi mamlakatimizda zamonaviy shaharsozlik, yo‘lsozlik tajribasi to‘la shakllandi, ko‘priksozlik sohasi paydo bo‘ldi. Mana shunday zamonaviy, muhtasham ko‘prikni 8 oyda bunyod etganimiz mamlakatimizning jadal rivojlanib borayotgani, xalqimiz naqadar ulkan yutuq va marralarga erishayotganini ko‘rsatadi. 

Bu gal mamlakatimiz yo‘lsozligida yana bir yangilikka qo‘l urildi – ko‘prikning ikki tomonida piyodalar uchun 102 va 111 metrlik ikkita yer usti o‘tish yo‘lagi barpo etildi. Ularga chiqib-tushish uchun zinapoya bilan birga eskalator va lift ham qurilgan. Ularda yog‘in-sochinli kunlarda himoyalanish moslamalari ham o‘rnatilgan. Bunday zamonaviy, odamlar uchun barcha qulayliklar e'tiborga olingan ko‘prik-inshootlar dunyoning ba'zi megapolislaridagina mavjud. Shuni ham ta'kidlash kerakki, bu inshoot mamlakatimizda keksalarni e'zozlash, inson manfaatlarini ta'minlashga qaratilayotgan e'tiborning amaliy ifodasi bo‘ldi. 

Sebzor ko‘chasi orqali 98 metrlik yana bir yer osti yo‘li barpo etilgach, piyodalarga chorrahaning to‘rtala tomoniga ham xavfsiz o‘tish imkoniyati yaratildi. 

Davlat rahbari O‘zbekiston mustaqilligining 23 yillik bayrami arafasida mazkur hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, Abdulla Qodiriy ko‘chasini kengaytirish, aholining dam olishi va mazmunli hordiq chiqarishi uchun keng imkoniyat yaratish, mo‘'tadil iqlimni ta'minlash maqsadida favvoralar bunyod etish kerakligini ta'kidlagan edi. 

Ushbu tavsiyalar asosida bu yerda keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Natijada Toshkentda yana bir so‘lim maskan paydo bo‘ldi. Yo‘l bo‘yiga kashtan, eman va lola daraxtlari o‘tqazildi, rayhonlar ekildi.


"Daraxt ham tirik jon. U soya beradi, ko‘zni quvontiradi, sog‘liqni mustahkamlaydi, umrni uzaytiradi. Daraxtni sevish, asrash kerak. Bu mutasaddi tashkilotlar bilan bir qatorda mana shu yerda yashayotganlarning, butun poytaxtimiz aholisining vazifasi, burchi bo‘lmog‘i darkor", dedi prezident.

Ko‘p qavatli uylarda yashayotgan aholining turmush sharoitini yaxshilash, dam olishi uchun imkoniyat yaratish, mo‘'tadil iqlimni ta'minlash maqsadida bu yerda uchta favvora qurildi. Abdulla Qodiriy nomidagi istirohat bog‘i oldidagi favvora rekonstruksiya qilindi. Ularning atrofida odamlar hordiq chiqarishi, bolajonlar yayrab o‘ynashi uchun sharoit yaratildi. 



Prezident shu atrofda istiqomat qilayotgan faxriylar va yoshlar bilan suhbatlashdi. 

"Eski shahar aholisi asrlar davomida ko‘rimsiz uylarda yashab kelgan, u yerda bironta yangi qurilish bo‘lmagan. Bu masalani atroflicha o‘rganib, Eski shaharni qayta qurishning bosh rejasini ishlab chiqdik. Unga ko‘ra, yangi yo‘llar, ko‘priklar, zamonaviy uylar, kommunikatsiyalar barpo etilmoqda. Endi Eski shaharni “Eski shahar” deyish to‘g‘ri kelmaydi. Yaqin yillar ichida bu joy hamma havas qiladigan zamonaviy maskanga aylanadi", – dedi Islom Karimov. 

Aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish, yashil hududlarni kengaytirish borasidagi ishlar natijasida Toshkent tobora obod va ko‘rkam bo‘lib borayotganini ta'kidlash mumkin. Buyuk Britaniyaning nufuzli “Ekonomist” jurnali bahosiga ko‘ra, Toshkent shahri dunyodagi yashash uchun eng qulay bo‘lgan 140 shahar orasida 58-o‘rinni egallagan. 

Davlati rahbari ushbu maydonning qiyofasini yanada yaxshilash, aholining, avvalo, bolalarning dam olishi uchun yaratilgan qulayliklarni kengaytirish, hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.


Top