15:58 / 14.05.2015
1767

Taekvondo bo‘yicha jahon chempionatida Nikita Rafalovich yarim finalga chiqdi

Rossiyaning Chelyabinsk shahrida Olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan taekvondoning WTF yo‘nalishi bo‘yicha kattalar o‘rtasida jahon chempionati bahslari davom etmoqda. Dunyoning 141 davlatidan kelgan eng kuchli dayan ustalari g‘oliblik va shu bilan birgalikda Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarining muhim reyting ochkolari uchun bahs olib borishyapti.

Mazkur jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini Jasur Boyqo‘ziyev (-87 kg), Dmitriy Shokin (+87 kg), Maksim Rafalovich (-80 kg), Nikita Rafalovich (-74 kg), Vladislav Xan (-68 kg), Sarvar Sheraliyev (-54 kg) va Dinara Mamadibragimova (-53 kg) himoya qiladi.

13 may kuni Nikita Rafalovich O‘zbekiston vakillari orasida birinchi bo‘lib bahslarga kirishdi. U 14 may kuni jahon chempionatining oltin medali uchun kurashni davom ettiradi. Kechagi bahslarda u avvaliga gabonlik Xermen Dyuppasauni 14:0, keyin polineziyalik Remuela Tinirauni 3:2, nimchorak finalda tailandlik Piratep Sila-Onni 16:11 hisobida mag‘lub etdi.

Chorak finalda unga azaliy raqibi koreyalik Xun Kim ro‘baru keldi. Avvalgi o‘zaro uchrashuvlarda taekvondo vatani vakilining qo‘li baland kelayotgandi. Bu safar Nikita kuchli raqibini 4:3 hisobida yengib, yarim finalga yo‘l oldi. Endi Rafalovich finalga chiqish uchun malilik Ismoil Kulibali bilan bellashadi.

Ta'kidlash joiz, Nikita Rafalovich dunyo reytingida 3-o‘rinni egallab turibdi. -74 kgvazn toifasining “A” guruhidan yarim finalga Rossiya va Eron vakillari yetib kelishgan.

14 may kuni jahon chempionatida-68 kgvazn toifasidagi yana bir o‘zbekistonlik taekvondochi Vladislav Xan ham o‘z ishtirokini boshlaydi. 15 may kuni esa Sarvar Sheraliyev hamda Dinara Mamadidragimova, 16 may kuni Jasur Boyqo‘ziyev va Dmitriy Shokin va nihoyat 18 may kuni Maksim Rafalovich jahon chempionati medallari uchun kurashga kirishadi.

Top