17:39 / 06.08.2015
2369

Fransiyalik deputat “Mistral ishi” bo‘yicha Parijning yo‘qotishlarini 1.5-1.6 mlrd yevroga baholadi

Fransiyaning Rossiya bilan tuzilgan “Mistral” toifali vertolyot tashuvchi kemalarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomaning bekor qilinishidan ko‘rgan zarari 1.5-1.6 mlrd yevroni tashkil qilishi mumkin. Bu haqda Fransiya Milliy majlisi deputati Terri Mariani France Inter radiosi efirida ma'lum qildi.
“Mening fikrimcha, va bu fikrim yanglish bo‘lmasa kerak, Fransiya uchun moliyaviy yo‘qotishlari 1.5-1.6 mlrd yevroni tashkil qiladi. Bu pullar Fransiya soliq to‘lovchilari zimmasiga tushadi”, – dedi u.
Eslatib o‘tamiz, “Mistral” toifasidagi ikkita vertolyot tashuvchi kemalarni qurish va yetkazish borasidagi 1.12 mlrd yevrolik shartnoma 2011 yil iyunida imzolangan edi. Ammo Rossiyaga nisbatan sanksiyalar joriy qilinishi munosabati bilan Fransiya ushbu shartnomani bir tomonlama to‘xtatishga qaror qildi.
Bugun Rossiya va Fransiya prezidentlari Vladimir Putin va Fransua Olland “Mistral”lar qurilishi va yetkazilishi bo‘yicha shartnomani to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgani xabat qilindi. Ekspertlar o‘rtasidagi bahs-munozaralardan so‘ng Fransiya avansni, shuningdek, Rossiyaga tegishli asbob-uskuna va jihozlarni qaytarishi haqida kelishuvga erishilgani Kreml tomonidan tasdiqlandi. Ta'kidlanishicha, Fransiya kerakli mablag‘ni Rossiyaning tegishli hisoblariga o‘tkazib bo‘ldi va jihozlar qaytarilganidan so‘ng kemalarga to‘la egalik qilish huquqini qo‘lga kiritadi. Ushbu ma'lumotlar Yelisey saroyi tomonidan ham tasdiqlandi.

Top