16:58 / 12.08.2015
5391

Toshkentdagi Ibn Sino mavzesida yoqilgan maishiy chiqindilarning tutunidan mahalliy aholi norozi bo‘lmoqda

Ijtimoiy tarmoqdagi “Jamoatchilik nazorati” guruhiga Toshkentdagi Ibn Sino mavzesi-2 hududida maishiy chiqindilarning yonib tutayotgani va yaqin atrofdagi xonadonlar achchiq tutunga to‘layotgani haqida xabar kelib tushdi.

Xabar qoldirgan ishtirokchining so‘zlariga ko‘ra, chiqindi 29 iyuldan buyon yonmoqda. Bu vaqt oralig‘ida aholi tomonidan shahar va tuman hokimiyatiga ma'lum qilingan hamda Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasiga shikoyat qilingan.

Uz24.uz nashrining yozishicha, bu murojaatlardan natija bo‘lmagan.

Ma'lum qilinishicha, shu tutun chiqayotgan joydan 50 metrlar narida Yong‘in xavfsizligi xizmatining idorasi mavjud bo‘lib, ular bu holatga hech qanday chora ko‘rmagan.

Xabar muallifi mazkur holatning yaqin atrofdagi uylarda istiqomat qiluvchi fuqarolarning sog‘lig‘iga salbiy ta'sirini ta'kidlab, o‘zining xonadoni ham tutunga to‘lgani va bundan ikki yarim yoshli farzandi qattiq yo‘talayotganini aytgan.

Top