18:05 / 14.08.2015
4856

“O‘zbekiston havo yo‘llari” direktori: vazningizni o‘lchayotganlarini bilmaysiz ham hatto

Yaqinda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi parvoz arafasida yo‘lovchilarning vaznini o‘lchash tartibi joriy qilingani haqida axborot tarqatilgan edi. Kompaniya bosh direktori Valeriy Tyan juma kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ushbu tartibning mohiyatiga batafsil to‘xtalib o‘tdi, deb yozadi "Gazeta.uz".

“Biz siz bilan A nuqtasidan V nuqtasiga qarab uchamiz. Men uchuvchi sifatida tezlik hisob-kitoblarini olishim uchun menga quyidagi ma'lumotlar kerak bo‘ladi: samolyotning yoqilg‘i bilan birgalikdagi og‘irligi va tijoriy yuk... Bu samolyotlar xavfsizligi va ishonchli ekspluatatsiyasi uchun kerak”, – dedi u.

Shuningdek, u vazn o‘lchash jarayoni qanday kechishi haqida tushuntirishlar berib o‘tdi:
“Ro‘yxatdan o‘tish chog‘ida sizdan tasmaga oyoq qo‘yishni so‘rashadi. Bu hatto vazn o‘lchash ham emas... Siz vazningiz o‘lchanayotganini bilmaysiz hatto. Yo‘lovchilari hech qanday noqulaylikka uchramaydi, lekin biz uchun bu muhim”.

Uning aytishicha, shunga o‘xshagan tartib ko‘plab aviakompaniyalarda mavjud. Bundan maqsad vazn uchun qo‘shimcha pul olish emas, balki uchuvchi apparatning tijoriy yuki haqida ma'lumot olishdir.

Top