06:31 / 02.11.2015
9424

AQShda Markaziy Osiyo davlatlariga yangi ko‘mak berish dasturi e'lon qilindi

AQSh hukumati Markaziy Osiyo davlatlariga ko‘mak berish bo‘yicha bir qator yangi dasturlarini e'lon qildi, deb aytildi 1 noyabrda Samarqandda O‘zbekiston, AQSh, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari uchrashuvi yakunlariga ko‘ra AQSh Davlat departamenti bergan xabarda.  

Xususan, gap “Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha ko‘p yillik dasturni amalga oshirish haqida ketmoqda”. Bu dastur doirasida “xorijiy bozorlarga chiqish maqsadida Markaziy Osiyo va shu jumladan Afg‘oniston va Pokiston sabzavotchilik va transport sohasidagi ustuvor sektorlarda eksportni kengaytirish” ko‘zda tutilgan. Bu yangi texnologiyalar kiritilishi va “xalqaro darajadagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, xaridorlar va yetkazib beruvchilar bilan uzoq muddatli aloqalarni o‘rnatish” uchun ishchilar malakasini oshirishni nazarda tutadi.  

AQSh “Markaziy Osiyo savdo forumi” doirasida yana 6 ta uchrashuv o‘tkazish majburiyatini oldi”. Davlat departamentida 5-forum yaqinda AQSh tomonidan Qozog‘istonda o‘tkazilgani ta'kidlab o‘tildi.

Shuningdek, gap iqlimning o‘zgarishi va suv ta'minotini yaxshilash, bir qator madaniy va ta'lim dasturlarini, shu jumladan ingliz tilini o‘rganish bilan bog‘liq dasturlar haqida ketmoqda.

Shu qatorda Vashington “AQShning Markaziy Osiyodagi universiteti dasturlarini 2018 yilgacha” qo‘llab-quvvatlashga va'da berdi. Ma'lum qilinishicha, 2002 yildan beri bu maqsadlar uchun AQSh tomonidan 30 mln dollar ajratilgan.    

AQSh Davlat departamentida ta'kidlanishicha, 1991 yilda Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikni e'lon qilgan davrdan hozir kungacha “AQSh mintaqadagi o‘z hamkorlariga umumiy miqdorda ko‘mak dasturlari doirasida 8,8 mlrd dollar ajratgan”.

Top