19:19 / 16.07.2016
27113

Omon qolganlar

Foto: Youtube

Fransiyalik Bonapart jang oldidan o‘z askarlariga “o‘lmaslikni” buyurar ekan: “Jangda o‘lishni hamma eplaydi, lekin tirik qolish faqat talantli insonlargagina xosdir. Menga sizlarning o‘ligingiz emas, tirigingiz kerak. Shu bois, o‘lmaslikni buyuraman!”

Leonardo Di Kaprio faoliyati davomida juda ko‘p filmlarda o‘ynagan. O‘ynagandayam kuchli filmlarda qatnashgan... Achinarli tomoni, yillar davomida biror bir ijrosi “Oskar”ga loyiq topilmagan. Qorindor akademiklar o‘zlarining tentakona o‘lchovlari bilan Leoni “yosh bola”ga chiqarib kelaverishgan. 

Gap-so‘z ko‘payib ketgach, shu yilning bahorida haykalcha di Kaprioga topshirildi. Noilojgina. Aktyor boshi uzra ko‘tardi “Oskar”ini. Aslida oldinroq olishi kerak bo‘lgan, biroq asossiz sabablar tufayli kechga surib kelingan bu manzara hammaning ko‘z o‘ngida bayramga aylanib ketdi. 

Insof bilan aytganda, “Omon qolganlar” filmi va undagi ijrosi bu haykalchaga loyiq darajada emasdi. Lekin “Oskar”ni unga berdilar. Sezdingizmi, hech kim e'tiroz bildirmadi. Bildira olmadi. Sababi aniq – Leo yillar davomida shunga haqli ijod etib bo‘lgandi.

Krishtianu Ronaldu ham final kechasida hech narsa qilmadi. Aniqrog‘i, unga biron ish qilishga yo‘l qo‘ymadilar. Jarohat oldi, maydonni tark etdi. O‘ynayotgan paytida esa, umuman sezilmadi. Qizig‘i, Portugaliya yigitlari boshlari uzra kubokni ko‘tarayotganlarida eng birinchi planga “hech narsa qilmagan” Ronaldu chiqib qoldi. O‘zini hamma ishni bir o‘zi qilgandek tutdi. Ha, shunaqa deysiz, bilib turibman. Ammo boshqa rakursdan qaraydigan bo‘lsak, Ronaldu butun o‘yin davomida qahramonlik mavqifida turganini ko‘ramiz. Dunyoning istalgan telekanalidagi sharhni qo‘yib ko‘ring-da, bilib olasiz - o‘yin davomida Krishtianuning nomi boshqalardan ko‘proq yangrasa yangradiki, kam emas.

Maydonni tark etib ketgan yigit uchrashuv oxirigacha, hatto kubok ko‘targunlariga qadar o‘zini gapirtirib turaverdi. Har qanday epizod orasida Krishtianu nomi yangrayverdi. U hammani shunga majbur qilib qo‘ydi. Nega, bilasizmi? Sizga yoqadimi, yo‘qmi, Ronaldu shu kuni o‘yindan oldinoq bosh qahramon bo‘lib ulgurgan edi. Asosiy ishni Pepe, Patrisiu va Ederlar qilgan bo‘lishi mumkin, lekin kubok aynan uniki edi.

Di Kaprio juda ko‘p filmlarda turlicha rollarni o‘ynagan va aksarida ssenariyga ko‘ra “vafot etgan”. “Titanik”, Qonli almaz” va “Aviator”dek shohasarlarida uning qahramoni “o‘ladi”. Bilasiz, bosh qahramon vafot etadigan filmlar odatda kuchli chiqadi. Mohiyatan insonni o‘ylatadi va qandaydir g‘oya tufayli ko‘z yumganiga sha'ma qilinadi. Biroq, Leonardoning “Oskar” olishiga sabab bo‘lgan filmida bosh qahramon oxirigacha tirik qoladi. O‘lish bilan ish bitmasligini anglagan ko‘yi marra chizig‘iga matonat ila yetib keladi. Hatto filmning nomi ham uning o‘lmasligini oldindan aytadi. Bu go‘yo anovi haykalchaga sha'ma o‘laroq ishlangandek: “Men bu sahnaga “o‘lmasdan” keldim, endi berarsanlar?!”

Ronaldu maydonni tark etib ham maydondan chiqib ketmadi. Tanaffusdan keyin va ayniqsa, qo‘shib berilgan bo‘limlarda Krish jamoadoshlari yuragiga aylanganini ko‘rdingiz... Futbolni tushunmaydigan odam dab-durustdan TVni yoqsa, Ronalduni bosh murabbiy deb o‘ylashi turgan gap edi. Santush boshini ushlab qolgan paytda, ilojsiz qolgan holatlarda ham portugaliyalik yulduz taslim bo‘lishni istamadi. Nimadirlar qilib yurdi. Zaxiradan maydonga tushayotgan yigitlarga daldalar berib yurdi. Pepe va Moutinoga nimalarnidir tushuntirishga urindi. 31 yoshga to‘lgan, hayoti davomida juda ko‘p yutuqlar ko‘rgan bu inson go‘yo umrida birinchi marta kubok yutishi kerakdek harakat qildi.

Ederning qahramonligi zamirida ham Ronaldu turganini eshitdingiz! Afsonaviy jamoadoshi, yetakchi vatandoshining har qanday gapi uni o‘ynatib yuboradi. Vaqtincha Ronalduga aylantirib qo‘yadi. Bittagina gap ko‘p narsani hal qilganiga nima deysiz endi?! Ishonchim komilki, Krishtianu kubok boy berilganiga rozi bo‘lib, bir chetda yig‘lab o‘tiraverganida, Portugaliya gol ura olmasdi. Yutqazardi. Butun jamoaning ruhiyatini ko‘tarish, ularni o‘z darajalaridan yuqoriroqqa olib chiqish vazifasini bajarib berdi Krish.

Yuqoridagi Napaleonning gapi “jang san'ati” kitoblarida ko‘p bora aytiladi. Futbol ham aslan jang. Unda ham o‘lmaslik kerak. Ayiq bosib qolsa ham, jarga uloqtirib yuborsalar ham, jangning oxirigacha yetib kelish kerak. Turib berish kerak! Chidash kerak! O‘lmaslik kerak! Leo va Roni 2016 yili “omon qola bilishdi”. Ularni umrlari davomida orzu qilgan “haykalchalari” bilan tabriklasak bo‘laveradi. 
Darvoqe, buyog‘iga “o‘laverishlari” mumkin...

X.Hamidov.
"Chempion+", 26-sonidan olindi.

Mavzuga oid
Top