09:42 / 17.08.2016
7248

IWF Rossiya og‘ir atletika federatsiyasi taqdiriga oydinlik kiritdi

Foto: EPA

Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF)ning tasdiqlashicha, Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tayotgan Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng, Rossiya og‘ir atletika federatsiyasi, shuningdek, Qozog‘iston va Belorussiya federatsiyalari ham chetlashtiriladi. Bu haqda IWF prezidenti Tamash Ayan bayonot bergan.

«O‘yinlardan so‘ng quyidagi davlatlarni diskvalifikatsiya qilamiz. Men sizlarga kafolat beraman. Bular, Rossiya, Qozog‘iston va Belorussiya. Og‘ir atletikaning sport turi sifatidagi obro‘siga jiddiy putur yetdi, shu boisdan ham ana shunday sanksiya qo‘llaniladi. Takroriy tahlillar hali poyoniga yetgani yo‘q. Shu bilan birga men ko‘proq ma'lumotlarni kutayapman. O‘ylashimcha, yana bir necha davlatni chetlashtiramiz. Menimcha, sentabr-oktabr oylarida qaysi davlatlarni chetlashtirishimizni e'lon qilsak kerak», — deya Ayan so‘zlarini keltiradi TASS agentligi.

Rossiya og‘ir atletikachilari Braziliyadagi Olimpiadada ishtirok etish huquqidan iyul oyi oxirida mahrum etilgandi. IWF qaroriga aksildoping qoidalari buzilishi bilan bog‘liq ayrim holatlar sabab bo‘lgandi.

Top