10:56 / 23.08.2016
20388

Qo‘shnisini o‘ldirgan amerikalik yigit bir kun avval Tvitterda shu haqida yozgan

Arizonalik 21 yoshli Zakari Penton o‘zining Tvitterida hazil tariqasida g‘alati yozuv qoldirib, ertasiga uni amalga oshirdi - u qo‘shnisiga qarata o‘q uzdi. Bu haqida ABC News xabar berdi. 

21 avgust kuni kechqurun Zakari Gilbert shahri politsiyasiga qo‘ng‘iroq qildi va 41 yoshli qo‘shnisi - Deniyel Garofaloni otib qo‘ygani haqida ma'lum qildi. 

Voqea sodir bo‘lgan joyga yetib kelgan politsiya xodimlari erkak kishining jasadi va yashirinishga harakat ham qilmagan qotilni ko‘rishdi. Penton qotillikda gumon qilinuvchi shaxs sifatida qo‘lga olindi, voqea tafsilotlari o‘rganilmoqda. 

Shunisi qiziqki, 20 avgust kuni, ya'ni qotillikdan bir kun avval Zakari o‘zining Tvitterida bu haqida ogohlantirgan. 

Pentonning odam o‘ldirganligi haqidagi xabar tarqalgandan keyin bir necha soat ichida uning ogohlantiruvchi yozuvi o‘n minglab retvit qilindi va OAVning e'tiborini jalb qildi. 

Bir qarashda Pentonning boshqa yozuvlari uning qotilligidan darak bermaydi. Fojiadan bir necha soat oldin u Frenk Oushenning yangi albomi chiqqanligidan quvonganini ko‘rish mumkin, bundan tashqari u o‘zining  Snapchat'dagi lentasidan arz qilgan va jismoniy mashqlar haqida gapirgan.

Biroq diqqat bilan qaralsa, foydalanuvchilar bilan muloqotga kirishganda uning jinoyatga moyilligi borligini sezish mumkin. Masalan @warmcookielover niki ostidagi foydalanuvchining bir tvitiga bo‘lg‘usi qotil pichoq rasmini yuborgan, uning so‘zlariga ko‘ra, bu pichoqni doim yonida olib yuradi. 

4 iyunda esa Zak AQShda qurol xarid qilish bu qadar oson kechishidan ajablangan. 

Pentonning ishi bo‘yicha birinchi tergov 22 avgust kuni bo‘lib o‘tdi. Uni ozod qilish uchun garov puli 750 ming dollar, deya belgilandi. 
 

Top