19:35 / 26.08.2016
10468

“O‘zbekiston mustaqilligining yigirma besh yilligi” kitob-albomi nashrdan chiqdi

Yaqinlashib kelayotgan eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayrami arafasida “O‘zbekiston mustaqilligining yigirma besh yilligi” nomli yangi kitob-albom nashrdan chiqdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda. 

O‘zbekistonning mustaqillik davrida bosib o‘tgan murakkab va ayni vaqtda sharafli yo‘li haqida hikoya qiluvchi ushbu albomdan o‘rin olgan tahliliy maqola va fotosuratlar mamlakatimizda amalga oshirilgan va oshirilayotgan, ko‘lami va miqyosiga ko‘ra benihoya ulkan ishlar, xalqimizning tarixan qisqa bir muddatda og‘ir sinov va qiyinchiliklarni mardona yengib, yangi hayot, yangi jamiyat bunyod etishda qo‘lga kiritayotgan yuksak yutuq va marralarini yorqin ifoda etishi bilan ayniqsa e'tiborlidir. 

Albom O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning muxtasar so‘zboshisi bilan ochiladi. Mazkur so‘zboshida, jumladan, shunday fikrlar bildiriladi:

“Mustaqillik biz uchun hayotimizning ma'no-mazmunini butunlay o‘zgartirgan, tariximizda yangi sahifa ochgan buyuk voqea bo‘lib, Vatanimizni, xalqimizni eski mustabid tizim kishanlaridan ozod qilgani, milliy demokratik davlat qurish, barcha mamlakatlar va xalqlar bilan teng bo‘lib, farovon hayot barpo etish yo‘lini ochib bergani bilan qadrli va mo‘'tabardir.

  Aynan mustaqillik toptalgan qadriyatlarimizni, dinu diyonatimizni, oru nomusimizni tiklash, o‘zligimizni anglash, xalqimizning orzu-intilishlariga, milliy manfaatlariga javob beradigan kelajagimizni qurish yo‘lini ochib bergani bilan tariximizda abadiy saqlanib qolajak”.

Kitob-albom “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!”, “Kelajakka intilgan mamlakat”, “Davrni belgilab bergan inson”, “Suratlarda aks etgan yurt hayoti” singari bo‘limlardan iborat. Matnlar o‘zbek, ingliz va rus tillarida berilgan.

 

Top