22:41 / 16.11.2016
4527

Bolgariya hukumati iste'foga jo‘natildi

Foto: EPA

Bolgariya xalq yig‘ilishi (parlament) Boyko Borisov hukumatini iste'foga jo‘natdi. Ushbu qarorni 218 deputat qo‘llab-quvvatladi, ikki deputat betaraflik bildirdi.

"Biz boshqaruvda izchiklikni ta'minlash maqsadida o‘z vazifalarimizni yangi hukumat saylanguncha bajarishda davom ettirishimizga va'da beraman", deb aytdi Bolgariya bosh vaziri yig‘ilishda. Borisov prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘lgan Rumen Radevni tabrikladi hamda "saylov xalq o‘zgarishlarni istayotganini ko‘rsatganini" ta'kidlab o‘tdi. 
 
"Agar jamiyat zarur deb hisoblasa, biz Bolgariya uchun yana ishlashni boshlashga tayyormiz", deb o‘z so‘zini nihoyaladi bosh vazir va yig‘ilishni tark etdi. Hukumatni iste'foga jo‘natish bo‘yicha muhokamalar 2 soat davom etgan.

Borisov hukumatning iste'fosi haqida 13 noyabrda, muxolifat nomzodi Radev prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘lgandan keyin rasman e'lon qilgan. 

Bolgariyaning amaldagi prezidenti Rosen Plevneliyev 17 noyabrda parlamentda taqdim qilingan partiyalar rahbarlari bilan siyosiy inqirozdan chiqishning yo‘llarini aniqlab olish uchun maslahatlashuvlar o‘tkazmoqchi. U shuningdek Radev bilan texnik hukumat tarkibi bo‘yicha kelishib olmoqchi. 

 

Mavzuga oid
Top