19:55 / 16.11.2016
4736

Xatamjon Ketmonov Buxoro viloyati saylovchilari bilan uchrashdi

Foto: ndp.uz

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Xatamjon Ketmonov 16 noyabr kuni Buxoro viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. 

Videokonferensiya tarzida tashkil etilgan uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati F.Umarov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili R.Kozimova yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi. 

Prezidentlikka nomzod Xatamjon Ketmonov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi. 

Keyingi yillarda Buxoro viloyatida ham yuqori o‘sish sur'atlari kuzatilmoqda. Buning tasdig‘ini so‘nggi besh yilda viloyat iqtisodiyoti 1,5 barobar o‘sgani, yalpi hududiy mahsulotda sanoatning ulushi 24,7 foizdan 30 foizga yetganida ko‘rish mumkin. Viloyatning mamlakatimiz iqtisodiyotidagi ulushi tobora ortib bormoqda. Yurtimizda qazib olinayotgan tabiiy gazning 10, gaz kondensatining 11, neftning 7, yetishtiriladigan paxtaning 11, g‘allaning 9, pillaning 12 foizi Buxoro viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi 

Dastur partiyaning g‘oya va dasturiy maqsadlari, xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining parlamentdagi ko‘pchilik – Demokratik kuchlar blokiga nisbatan o‘zini muxolifat, deb e'lon qilgani, bu muxolif fraksiya sifatida ilgari surgan qator g‘oyalariga asoslanadi. 

Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashda oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni rivojlantirish, korxonalar tasnifiga “o‘rta korxona” tushunchasini kiritish, ya'ni yirik, o‘rta va kichik korxonalar mezonlarini belgilash, kichik korxonalarning yiriklashishi va yanada rivojlanishiga xizmat qiladigan soliq va imtiyozlar tizimini ishlab chiqish taklifi ilgari surilgan. 

Qurilish tashkilotlarining moddiy-texnik ta'minotini yaxshilash, sohaga yangi texnologiyalarni joriy qilish, malakali mutaxassislarni yollashga imkoniyat beruvchi sharoitlar yaratish maqsadida soliq yukini kamaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, buning uchun muntazam o‘tkaziladigan ish o‘rinlari yarmarkalarini yanada kengaytirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini tuzishda joriy va istiqboldagi taraqqiyot yo‘nalishlarini to‘g‘ri va aniq belgilab olishga ham alohida e'tibor qaratilgan. 

Uchrashuvda Buxoro davlat universiteti magistranti Sh.Bobojonov, Shofirkon tumanidagi “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘inining diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi S.Yusupova, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Buxoro viloyati kengashi raisi O.Qudratov, Vobkent tumani “Barkamol avlod” bolalar markazi direktori R.Hayitova, Peshku sanoat kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi M.Safoyeva nomzodning saylovoldi dasturi haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Saylovchilarni 2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi. 

Top