18:26 / 16.11.2016
3665

Norvegiya pensiya jamg‘armasi Londonda 345 million dollarlik ko‘chmas mulkni qo‘lga kiritdi

Foto: Getty Images

Norvegiya davlat pensiya jamg‘armasi (NDPJ) Londonning eng gavjum ko‘chalaridan biri bo‘lgan Oksford-stritda qurilayotgan ko‘chmas mulk obektlarining 100 foizlik ulushini qo‘lga kiritdi. Chorshanba kuni Norvegiya Markaziy banki xabarida aytilishicha, NDPJ va Great Portland Estates plc. developer kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan shartnomaning umumiy miqdori 276,5 million funt sterlingni (345 million dollar) tashkil etadi. 

Oksford-strit 73-89 manzili bo‘yicha joylashgan yangi binolar 2017 yilga borib, o‘z nihoyasiga yetishi va quruvchining va'dalariga ko‘ra, "yangi savdo dahasining yuragi"ga aylanishi kerak. Yangi do‘konlarning yanada mashhur bo‘lishini 2018 yilda ularning yaqinida ochilishi rejalashtirilgan London tezyurar temir yo‘l stansiyalari ta'minlaydi. Umumiy maydoni 8 100 kvadrat metr bo‘lgan inshootlarning bir qismi Benetton Group S.r.l., MoneySupermarket.com Group plc. va New Look Retailers Ltd. kompaniyalari tomonidan ijaraga olinib ulgurdi. 

NDPJ (Statens pensjonsfond Utland, avvalgi nomi - Norvegiya neft jamg‘armasi) global bo‘limi butun dunyo aksiyalarining 1,3 foiziga egalik qiladi. Uning kapitalizatsiyasi bugungi kunda 7,3 trillion Norvegiya kroniga (joriy kurs bo‘yicha 865 milliard dollar) yetgan. 


 

Mavzuga oid
Top