21:18 / 17.11.2016
6772

Astronomlar eng dumaloq yulduzni topishdi

Foto: © cdn.phys.org

Umumqabul qilingan tasavvurlarga qaramasdan, aksariyat yulduzlar sharsimon ko‘rinishdan ancha farqlanadi. Biroq bu gal teleskoplar bu qoidadan istisno bo‘luvchi yulduzni qayd qildilar. 

Germaniyalik olimlar Yerdan 5 ming yorug‘lik yili uzoqligida joylashgan sekin aylanuvchi yulduzning yapaloqligini (siqilganini) o‘lchay olishdi. U rekord darajada kichik chiqdi – yulduzning qutb radiusi ekvatorial radiusiga bor-yo‘g‘i 500 mingdan bir ulushga kichik ekanligi aniqlangan. Yulduz astronomlar uchun kutilmaganda odamzotga ma'lum bo‘lgan samo jismlaridan eng dumalog‘i bo‘lib chiqdi. Bu haqdagi maqola Science Advances nashrida chop etildi.

Foto: © wikimedia.org

Ma'lumki, markazdan qochuvchi kuch istalgan aylanuvchi jismni yuqorisidan va tagidan yapaloqlaydi. Shuning uchun qutbda Yerning markazidan uning sirtigacha masofa ekvatordagidan 21 km ga kichik. Shu sababli shimoliy kosmodromlardan uchiriluvchi "Proton" raketasi orbitaga ekvatordan uchgandagidan ancha kamroq yuk olib chiqadi. Qutblarda nafaqat Yer, balki Quyosh va boshqa yulduzlar ham yapaloqlangan. Boshqa tizimlarda vaziyat qanday ekanligini aniqlash uchun nemis astrofiziklari astroseysmologik ma'lumotlardan foydalanishdi. Astroseysmologiya yulduzlar sirti tebranishlarini tahlil qiladi. Har bitta bunday tebranish yulduzning yorug‘lanishi biroz o‘zgartiradi. 

Olimlar kuzatish uchun radiusi 1,5 mln km keladigan va Quyoshdan ikki marta og‘irroq Kepler 11145123 yulduzini tanlashdi. Olimlar yulduzning qutb va ekvotarial radiusidagi aniq farqni bilish uchun uning ekvatoridagi quyi kengliklardagi tebranishlarga ta'sirchanroq bo‘lgan yorug‘lik tebranishlarini tanlab oldilar. So‘ngra ular yuqori kengliklardagi jarayonlarga ta'sirchanroq bo‘lgan tebranishlar chastotasi bilan taqqoslandi. Quyi kengliklardagi tebranishlarga ko‘ra yulduzning ekvatorial radiusi, yuqori kengliklardagi tebranishlariga ko‘ra esa qutb radiusi aniqlandi.

Olimlar 4 yil ichidagi ma'lumotlardan foydalanib, bunday katta masofa uchun katta o‘lchash aniqligiga erisha oldilar. Ma'lum bo‘lishicha, yulduzning qutb radiusi uning ekvatorial radiusinikidan bor-yo‘g‘i 3 km ga kichik bo‘lib chiqdi. Bu yulduz juda ulkan bo‘lib, ko‘ndalang kesimi 3 mln km ga teng, ya'ni Quyoshdan 2,24 marta katta. Bunday katta o‘lchamlarga nisbatan 3 km ga yapaloqlanganlik juda kichik miqdordir. Taqqoslash uchun shuni aytish mumkinki, Quyosh bu yulduzga nisbatan kattaroq yapaloqlikka ega. Uning qutb radiusi ekvatorial radiusinikidan 10 km ga kichik.

Olimlarning fikricha, ulkan yulduzning yapaloqligi kichikligi uning sekin aylanishi bilan shartlangan. Ta'kidlanishicha, olis yulduz o‘z o‘qi atrofida 80 kun ichida bir marta, Quyosh esa 27 kunda bir marta to‘liq aylanadi. 

 

Top