12:20 / 17.11.2016
4287

MSKda bo‘lib o‘tgan videokonferentsaloqa shaklidagi majlisda okrug saylov komissiyalari raislari axboroti tinglandi

2016 yil 17 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Videokonferentsaloqa shaklida o‘tkazilgan majlisni Komissiya raisi M. Abdusalomov boshqardi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari a'zolari, siyosiy partiyalar vakillari, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kuzatuvchilar missiyasi a'zolari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi ijrosi bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi. Shu borada 3-Buxoro, 6-

Namangan, 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyalari raislarining axboroti eshitildi.
Majlisda ta'kidlanganidek, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuksak tashkiliy darajada o‘tkazishda uchastka saylov komissiyalari zimmasiga katta mas'uliyat yuklanadi. Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasi, okrug saylov komissiyalari hamda Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti tomonidan uchastka saylov komissiyalari a'zolarining huquqiy bilimini yanada oshirish va ularning komissiyalar faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan seminar-treninglar o‘tkazilmoqda.

Bu boradagi ishlarning davomi sifatida shu yilning 20-30 noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida uchastka saylov komissiyalari a'zolari ishtirokida saylov uchastkalarini ovoz berishga tayyorlash, saylovchilar ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritish, muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish, saylov kuni ovoz berishni tashkil qilish, shuningdek, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish kabi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan seminarlarni o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.

Komissiya a'zolari saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining saylovchilarning turgan joyida ovoz berishi bilan bog‘liq ayrim qoidalarini bir xilda qo‘llashga taalluqli masalalarni ham ko‘rib chiqdi.

Majlisda Mustaqil Davlat Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, Islom hamkorlik tashkiloti missiyalari kuzatuvchilarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Qayd etilganidek, saylov kampaniyasi ochiqlik va oshkoralik sharoitida o‘tkazilmoqda. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov uchastkalarida saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan bittadan kuzatuvchi, matbuot, televideniye va radio vakillari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga egadir.
Majlisda Markaziy saylov komissiyasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilindi va ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini
yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi
 

Top