19:02 / 18.11.2016
7810

Prezident sayloviga doir qonunchilikning takomillashtirilishi va xalqaro andozalar

Mamlakatimiz saylov qonunchiligi, xususan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bosqichma-bosqich, izchil va umumjahon tamoyillari asosida takomillashtirib borilmoqda.

Jumladan, 2015 yilda o‘tkazilgan Prezident saylovidan keyin shu yili 29 dekabrda «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi qonuniga ham bir qator o‘zgarishlar kiritildi. Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida to‘xtaladigan bo‘lsak avvalo, qonunda boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan bo‘lgan kuzatuvchilarga mandatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan berilishi haqidagi norma mustahkamlandi (5-modda 6-qismi).

Ikkinchidan, aytish lozimki qamoqda saqlash joylarida saylov uchastkalarini tashkil etish imkoniyati "O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida", "Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida"gi qonunlarga kiritilgan edi. Bu amaliyot Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tgan saylov vaqtida, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi qaroriga asosan 2015 yilda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida muvaffaqiyatli sinab ko‘rildi. Shu nuqtai nazardan Qonunda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta'minlash maqsadida qamoqda saqlash joylarida sud huqmi chiqarilmagan shaxslarning ovoz berishiga imkoniyat yaratish uchun saylov uchastkalari tuzilishi mumkinligi ko‘zda tutildi (10, 11, 23-moddalar).

Uchinchidan, o‘tgan saylovlarda kuzatilgan ayrim muammolar va qiyinchiliklarni bartaraf etish maqsadida fuqarolarni saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibiga saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, ro‘yxat tuzilayotgan vaqtda muayyan saylov uchastkasi hududida nafaqat doimiy balki vaqtincha istiqomat qilgan O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi belgilandi (21-modda 1-qismi).

To‘rtinchidan, siyosiy partiyalarning saylovda qatnashishida yengillik berildi. Ya'ni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari jami saylovchilarning umumiy soni kamida 1 foizining (200 ming atrofida), kamida sakkizta ma'muriy-hududiy tuzilma namoyandasi bo‘lgan saylovchilarning imzosini qamrab olgan bo‘lishi kerak (242-modda, 5–qismi 5-xatboshisi). Ilgari bu ko‘rsatkich 5 foiz (1 million atrofida) edi.

Beshinchidan, saylovoldi tashviqoti tushunchasi mustahkamlanib (28-modda, 1-qismi), unga ko‘ra, saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyat saylovoldi tashviqoti hisoblanadi.

Oltinchidan, taraqqiy etgan davlatlar qonunchiligida mavjud bo‘lgan saylov kuni va ovoz berish boshlanishiga bir kun qolganda saylovoldi tashviqotiga yo‘l qo‘yilmasligiga doir norma ham qonunchiligimizga kiritildi(28-modda, 2-qismi). Ya'ni, “jimlik kuni” o‘rnatildiki bu saylovchilarga kim va qanday siyosiy dastur uchun ovoz berish masalasida aniq bir qarorga kelishi uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

Yettinchidan, o‘tkazilgan saylovlar tahlilidan kelib chiqib, saylovoldi tashviqotining samaradorligini oshirish maqsadida Qonunning alohida moddasi bilan uni olib borish turlari, shakllari va usullari belgilab qo‘yildi (281-modda). Demak, saylovoldi tashviqotining turlariga Prezidentlikka nomzodning dasturi va (yoki) saylovoldi platformasi to‘g‘risidagi axborotni, shuningdek, nomzod to‘g‘risidagi axborotni uni yoqlab ovoz berishga da'vat etgan holda tarqatish kiradi.

Saylovoldi tashviqotini olib borish shakllari bu omma oldida munozaralar, bahslar, matbuot konferensiyalari, intervyular, so‘zga chiqishlar, saylovchilarning yig‘ilishlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod to‘g‘risidagi roliklarni joylashtirish hisoblanadi.

Saylovoldi tashviqotini usullariga ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, televideniye, umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari (internet tarmog‘i) orqali (282-modda), bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chiqarish hamda tarqatish orqali (283-modda), saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali (284-modda) amalga oshiriladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar, siyosiy partiyalar saylovoldi tashviqotini olib borishning qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa turlari, shakllari va usullaridan ham foydalanishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

Sakkizinchidan, muddatidan oldin ovoz berishning vaqti, tartib-taomillari belgilandi (31-modda). Ilgari saylov kuni istiqomat joyida bo‘lish imkoniga ega bo‘lmagan saylovchi o‘z istiqomat joyidagi uchastka saylov komissiyasidan saylov varaqalarini talab qilib olishi, qarorga kelishi hamda to‘ldirilgan saylov varaqalarini konvertga yashirgan holda uchastka komissiyasiga qoldirishi mumkin edi. Qonunning ushbu qoidasi muddatidan oldin ovoz berish vaqtini, shuningdek, tartib-taomilini ko‘zda tutmasdi. Shu munosabat bilan muddatidan oldin ovoz berishning aniq tartibi belgilanib, muddatidan oldin ovoz berish saylovga 10 kun qolganida boshlanadi va saylovga 1 kun qolganida tugallanadi, muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti okrug saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning, ommaviy axborot vositalari vakillarining e'tiboriga yetkaziladi, shuningdek, muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligi sabablari (ta'til, xizmat safari, chet elga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza talab qilinadi, saylovchiga saylov varaqasi uchastka saylov komissiyasining kamida 2 nafar a'zosi hozirligida beriladi, saylov varaqasi maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan to‘ldiriladi va yopiq konvertda uchastka saylov komissiyasida qoldiradi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka saylov komissiyasi 2 nafar a'zosining hamda saylovchining imzolari qo‘yiladi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, qonunchilikka kiritilgan mazkur yangiliklar oldingi saylovlar natijalarining chuqur tahlili, umume'tirof etilgan xalqaro standartlarga hamda YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasining 2015 yilgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlari yuzasidan berilgan tavsiyalariga to‘la mos holda joriy qilingan.

Umuman olganda qonunchilikka qiritilgan ushbu o‘zgarishlar saylov erkinligi tamoyilini ro‘yobga chiqarish, mamlakatimiz saylov tizimini yanada demokratlashtirish hamda bo‘lajak davlat boshlig‘i saylovini ochiqlik va shaffoflik tamoyillari aosida o‘tishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

 

Firdavs ShARIPOV

Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring

qilish mustaqil instituti Surxondaryo viloyati

hududiy bo‘linmasi rahbari o‘rinbosari,

9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi a'zosi

Top