00:38 / 18.11.2016
29283

Rossiyaning MDHdagi 7 ta "zarba beruvchi mushtlari"

Yaqinda Rossiya va Armaniston qurolli kuchlarning birlashgan guruhini yaratishga kelishib oldilar, bunga ko‘ra Armanistonda "Iskander" raketa majmualari joylashtiriladi. Quyida Rossiyaning MDH davlatlari hududida joylashgan va bu davlatlarning xavfsizligini mustahkamlovchi 7 ta harbiy bazasi va boshqa muhim armiya obektlari haqida qisqacha ma'lumot berilgan. 

Armaniston 

Armanistonning Gyumri shahrida Rossiyaning 5 ming kishilik 102-harbiy bazasi joylashgan. Bu baza S-300 zenit raketa majmualari va MiG-29 samolyotlari bilan jihozlangan bo‘lib, 1995 yilda yaratilgan va 49 yillik muddatga tuzilgan davlatlararo kelishuvga ko‘ra MDH havo hujumiga qarshi birlashgan mudofaa tizimi doirasida harbiy navbatchilik olib boradi. Bu kelishuvga ko‘ra Rossiyadan baza uchun haq olinmaydi.

Belarus

Belarusda Gantsevichi aholi punkti yaqinida "Volga" radiolokatsion stansiyasi faoliyat yuritadi. U raketa hujumi haqida ogohlantiruvchi tizim tarkibiga kiradi. 2003 yil 1 oktabrda harbiy navbatchilikka  qo‘yilgan stansiya shimoli-g‘arbiy yo‘nalishda uchirilgan qit'alararo ballistik raketalarning uchirilishini kuzatishga imkon beradi. Stantsiya uchun ajratilgan yer Rossiyaga 2020 yilgacha foydalanish uchun berilgan.

Tojikiston 

Tojikiston hududida Rossiyaning 201-harbiy bazasi joylashgan, u 201-motoo‘qchi diviziya negizida 2004 yildan 2005 yilgacha bir yil davomida yaratilgan. Baza tarkibiga Tojikistonning uchta shahrida joylashgan bir qator qism va bo‘linmalar hamda Lyaur, Momirak, Sambuli poligonlari kiradi. Bazada xizmat o‘tayotgan harbiylar soni 7,5 ming kishini tashkil qiladi. 

Qirg‘iziston 

2012 yilda Moskva va Bishkek o‘rtasida Qirg‘izistonda Rossiyaning birlashgan harbiy bazasini yaratish haqida kelishuv tuzilgan. Bu baza aviatsion baza, kemalarga qarshi torpedo qurolini sinovdan o‘tkazish bazasi va Rossiya harbiy-dengiz flotining "Marevo" aloqa uzelini o‘z ichiga oladi. Aloqa uzeli Rossiya harbiy-dengiz flotining bosh shtabi va harbiy navbatchilikdagi suv osti kemalari o‘rtasidagi aloqani ta'minlaydi.

Qozog‘iston 

Qozog‘iston hududida Rossiyaning 5-davlat sinov kosmodromi (Boyqo‘ng‘ir tarkibiga kiradi), transport aviatsiyasining alohida polki (Qo‘stanay), alohida radiotexnik uzel, Sari-Shag‘an havo hujumiga va raketalar hujumiga qarshi mudofaa strategik vositalari poligoni joylashgan.

Abxaziya

2009 yildan Abxaziyada Rossiya qurolli kuchlarining 4 ming kishilik 7-birlashgan harbiy bazasi joylashgan. Uning tarkibiga Gudauti tumanidagi Bombora harbiy aerodromi, Ochamchiradagi poligon va portning bir qismi, Kodor darasi va Ingur GESi yaqinidagi Rossiya-Abxaziya harbiy garnizonlari kiradi.

Pridnestrove

2015 yil may holatiga ko‘ra, Pridnestroveda Rossiyaning 412 harbiydan iborat tinchlikparvar kuchlari bataloni va Kolbasna qishlog‘idagi o‘q-dorilar omborini qo‘riqlash uchun 1,5 ming askardan iborat 13692-harbiy qismning 2 ta bataloni joylashgan bo‘lgan.

 

Mavzuga oid
Top