10:06 / 22.11.2016
7720

Sindzo Abe: AQShsiz TTHdan ma'ni yo‘q

Foto: AP

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abening fikricha, Transtinch okeani hamkorligi bo‘yicha kelishuvda AQSh ishtirok etmas ekan,hamkorlik foydasizdir

Abe Buenos-Ayres shahrida o‘tkazgan matbuot anjumanida qo‘shimcha qilganidek, kelishuvda ishtirok etayotgan davlatlarning hech biri AQShdagi prezidentlik saylovidan keyin ushbu bitimdagi o‘z ishtirokini bekor qilmagan. 

TTH kelishuvi Osiyo-Tinch okeani mintaqasida yangi erkin savdo hududini tashkil etish bo‘yicha davlatlararo bitim bo‘lib, AQSh rahbarligida bir necha yillar davomida tayyorlangan va 2016 yil fevralida imzolangan edi. Uni AQSh, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Singapur, Malayziya, Bruney, Vetnam, Yaponiya, Meksika, Chili va Peru davlatlari imzolagan. 

Ushbu kelishuvni tayyorlash va imzolash Obama ma'muriyatining Osiyodagi siyosatining asosiy jihatlaridan biri bo‘ldi. Biroq, o‘z saylovoldi chiqishlarida mazkur kelishuvni ko‘p bora tanqid qilgan Donald Tramp prezidentlik saylovida g‘alaba qozongach, kelishuv taqdiri xavf ostida qolayotgan edi. 

Donald Tramp prezidentlikka kirishganidan so‘ng, ushbu kelishuvdan chiqish hamda o‘zaro foydali ikki tomonlama savdo shartnomalari yuzasida muzokaralar olib borishini bildirib, bu xavotirlar asosli ekanini tasdiqladi. 

Top