15:47 / 02.12.2016
42532

O‘zbekiston saylov arafasida: 3 dekabr - «Jimlik kuni»

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi rahbari Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov saylov uchastkalari ovoz berish jarayonini o‘tkazishga 100 foiz tayyorligini qayd etdi. 

"Biz ovoz berishni o‘tkazishga yuz foiz tayyormiz, - dedi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov. – Umid qilamizki, birinchi Prezident Islom Karimov vafotidan keyingi saylovlar ham oshkora va shaffof, demokratik tamoyillarga mos ravishda bo‘lib o‘tadi". "Mehmonlar esa milliy an'analarimizga guvoh bo‘lishlari ham mumkin", - deb qo‘shimcha qilgan MSK raisi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi respublikada faoliyat yurituvchi to‘rtala siyosiy partiya tomonidan davlat rahbarligi uchun ilgari surilgan nomzodlarni ro‘yxatga oldi. 

"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Markaziy kengash raisi, sotsiolog, iqtisodchi, Qonunchilik palatasi vitse-spikeri Sarvar Otamuratovni prezidentlikka nomzod sifatida taqdim etdi. 

O‘zbekistonning hukmron O‘zLiDeP – tadbirkorlar va ishbilarmonlar partiyasi davlat rahbari vazifasini bajaruvchi, Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevni ilgari surdi. Texnika fanlari nomzodi 2003 yildan buyon hukumatni boshqarib keladi. 

"Adolat" sotsial-demokratik partiyasidan ijroiya qo‘mita raisi Narimon Umarov prezidentlik uchun kurashda yana bir bor o‘z kuchini sinab ko‘rishga qaror qildi. U 2015 yilgi prezidentlik saylovida ham nomzod sifatida ishtirok etgan edi. 

O‘zbekistondagi eng keksa siyosiy harakat – Xalq demokratik partiyasi Markaziy kengash raisi Xatamjon Ketmonovni ilgari surdi. Aytish joizki, xalq ta'limi tizimi va Andijon viloyati hokimligida ishlagan Ketmonovning ham prezidentlik uchun kurashda tajribasi bor. Ketmonov 2015 yilgi prezidentlik saylovida nomzod sifatida qatnashgan edi. 

Saylovda ikkinchi tur bo‘ladimi?

Saylovlarda ikkinchi tur bo‘lishi ehtimoli juda ham kam. To‘rttala nomzod saylovoldi qarorgohidagilarning barchasi deyarli shunday fikrda. Ammo, respublika saylov qonunchiligida ikkinchi turni o‘tkazish holatlari e'tibordan chetda qolmagan. Unga ko‘ra, nomzodlarning hech biri 50 foizlik ovozni to‘play olmasa, ikkinchi tur o‘tkaziladi. Bunda, har qanday yuqori natija hisobga olinadi va umumiy saylovchilarning  33 foizi qatnashsa, saylov bo‘lib o‘tgan hisoblanadi. 

MSK bu yilgi ijtimoiy jarayonda bir kishining boshqa oila a'zolari uchun ovoz berish amaliyotiga qat'iy chek qo‘yish istagini namoyon etmoqda. Abdusalomovning so‘zlariga ko‘ra, saylovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish ishlariga jiddiy e'tibor qaratilgan. 

"Biz oilaviy ovoz berish masalasi ustida ishladik, - degan MSK raisi. – Bir saylovchi bir nechta pasport bilan kelib, ovoz berishiga chek qo‘yish niyatidamiz".

Uning qayd etishicha, oilaviy ovoz berganlik uchun, yengil bo‘lsa-da, profilaktika nuqtai nazaridan ma'muriy javobgarlik belgilangan.
 
Respublika MSKga ko‘ra, mamlakatdagi barcha saylovchilarga o‘z fuqarolik huquqlaridan foydalanishlari uchun teng imkoniyat va sharoitlar barpo etish maqsadida katta hajmdagi ishlar amalga oshirilgan. Xususan, imkoniyati cheklanganlar, nogironlar uchun maxsus choralar belgilangan. Ko‘zi ojiz saylovchilar uchun birinchi marta Brayl alifbosida saylov byulletenlari nashr qilingan. Har bir saylov uchastkasida nogironlar aravachasiga mo‘ljallangan alohida o‘rin ajratilgan. 

Saylov kuni bemorligi sababli, uchastkaga bora olmaydiganlar uchun navbatchi guruhlar tashkil etilgan. Bunda bemor saylovchi o‘zi biriktirilgan saylov uchastkasiga qo‘ng‘iroq qilishi kifoya. Uning manzili bo‘yicha maxsus quti hamda ovoz berish byulleteni olib kelinadi. 

Bundan tashqari, tonggi soat 6:00dan kechki 20:00gacha ochiq bo‘ladigan saylov uchastkalarida 18 yosh va undan katta bo‘lgan har bir saylovchining ismi-sharifi raqamlangan holda kiritilgan.

MSK ovoz berish uchun belgilangan muddat yakunlangach, byulletenlarni sanash ishlarini yo‘lga qo‘yadi. Ovoz natijalari qo‘lda, birma-bir sanab chiqiladi. Buning uchun Komissiyaga 10 kun ajratiladi. Mamlakat saylov qonunchiligiga ko‘ra, ekzitpollar o‘tkazilmaydi.
 
Saylov natijalari rasman e'lon qilingach, 2 oy ichida yangi prezident inauguratsiyasi tashkil etiladi. Davlat rahbari har biri 5 yil muddatdan ikki marotabadan ortiq saylana olmaydi.

Bugungi kunda O‘zbekiston bo‘ylab tashkil etilgan 14ta saylov okruglarida 9378ta, shu jumladan O‘zbekistonning 44ta xorijiy diplomatik vakolatxonalaridagi 44ta  saylov uchastkasi saylovchilarni qabul qilishga shay holatga keltirilgan. 

O‘zbekiston MSK e'tirof etganidek, saylovoldi tashviqoti davrida birorta qoidabuzarlik holati ro‘yxatga olinmagan. Shu bilan birga, respublikadagi prezidentlik saylovlari tarixida ilk bora "sukunat kuni" e'lon qilinadi.

"3 dekabr kuni tashviqotlar o‘tkazish taqiqlangan, - deb oydinlik kiritgan Abdusalomov. – Saylovlar kunida ham, tabiiyki, hech qanday tashviqot o‘tkazilmaydi". "Biz turli demokratik davlatlar tajribalarini o‘rgandik va u foydali degan xulosaga keldik", - deya qo‘shimcha qilgan MSK raisi. 

Shunday qilib, 2 dekabr kechki soat 20:00dan keyin barcha tashviqot mazmunidagi plakatlar olib tashlanadi. 

Bu yilgi saylovlarning yana bir e'tiborli jihati shundan iboratki, O‘zbekistondagi prezidentlik saylovi tashkil etilishiga xorijiy davlatlar va tashkilotlarning jiddiy qiziqish bildirganidir. 600 nafar atrofidagi xalqaro kuzatuvchilar, 1300 nafar ro‘yxatdan o‘tgan OAV xodimlari, shu jumladan 60dan ortiq xorijiy jurnalist saylov jarayonini bevosita kuzatishadi hamda xalqaro me'yorlar va milliy qonunchilik talablariga naqadar amal qilingani xususida xulosalarini berishadi.

Abdusalomovning so‘zlariga ko‘ra, dunyoning 50ga yaqin mamlakati respublikadagi saylov jarayoniga qiziqish bildirgan. Xususan, AQShdan 20 nafar xalqaro kuzatuvchi kelishi ta'kidlanmoqda. 

"YeXHT esa ilk marotaba keng qamrovli missiyasini safarbar etdi, - deb ta'kidlagan MSK raisi. – Agar avvalgi saylovlarda 20 nafar kuzatuvchi kelgan bo‘lsa, bu safar 250 nafar qisqa muddatli hamda 35 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilar haqida so‘z bormoqda".

Bulardan tashqari, O‘zbekistondagi navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarini kuzatish uchun MDH Ijroiya qo‘mitasi, ShHT, IHT, Butunjahon saylov organlari tashkiloti ham taklif etilgan. 

Top