15:07 / 20.12.2016
6521

Sindzo Abe 2017 yilning boshida Rossiyaga tashrif buyurmoqchi

Foto: AP

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe kelasi yilning boshida Rossiya Federatsiyasiga (RF) tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Kyodo agentligining xabar berishicha, u Tokiodagi nutqi davomida ana shunday bayonot bilan chiqqan. 

"Men ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yanada yaxshilash uchun qulay fursatdan foydalanmoqchiman, - dedi u. - Iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish ma'lum bir vaqt talab qiluvchi tinchlik muzokaralari masalasini hal qilishdagi qisqa yo‘ldir". 

RF prezidenti Vladimir Putin 15-16 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan Yaponiyada bo‘ldi va mamlakat bosh vaziri bilan muzokaralar o‘tkazdi. Abe tashrif natijalarini yuqori baholadi. Xususan, u Rossiya prezidenti bilan o‘tkazilgan muzokaralar tinchlik shartnomasi tomon qo‘yilgan muhim qadam bo‘lganini ta'kidladi. 

Rossiya va Yaponiya o‘tgan asrning boshidan buyon Ikkinchi jahon urushi natijalari bo‘yicha tinchlik shartnomasini tuzish borasida muzokaralar olib boradi. Bu yo‘ldagi asosiy to‘siq esa Kuril orollarining janubiy qismi borasidagi bahslardir. Urush tugaganidan keyin Kuril arxipelagi to‘liq SSSR tarkibiga qo‘shilgan. Biroq Yaponiya u yerdagi Iturup, Kunashir, Shikotan va Xabomai orollariga da'vogarlik qilib keladi. 

Top