18:43 / 25.12.2016
32301

O‘zbekistonliklar Rossiya sovug‘ida 6 kun buzilgan avtobus ichida qolib ketishdi

Rossiyaning Rostov-Don shahridan Toshkentga kelayotgan yo‘lovchi avtobusi Saratov yaqinida buzilib qolgan. Avtobusda o‘zbekistonlik 43 kishi bo‘lgan. Odamlar transport kompaniyasiga telefon qilib, yo‘l chetida 6 kun yordam kutib o‘tirishgan. Biroq avtobus egalari vakillaridan hech kim paydo bo‘lmagan.    

"Ba'zi yo‘lovchilar qutqaruvchilarga murojaat qilishni taklif qilishgan, biroq haydovchilar qandaydir sabablarga ko‘ra ularni bu fikrlaridan qaytarganlar. Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, ba'zilarning ro‘yxatdan o‘tish muddati o‘tib ketgan bo‘lgan. Oxir-oqibat solyarka va yegulik tugaganda hamma taslim bo‘lgan. Biz kelganimizda ko‘pchilik yo‘lovchilar sovuq urish yoki muzlab qolish xavfi ostida bo‘lganlar", deb ma'lum qildi Saratov patrul-post xizmati xodimlari. 

Yo‘lovchilar orasida 24 yoshli homilador qiz ham bo‘lgan. U yuqori harorat va ochiq qon ketishi bilan shifoxonaga olib ketilgan. Bo‘lg‘usi onaning yonida umuman puli bo‘lmagan va unga kerakli dori-darmonlarni yo‘l politsiyasi xodimlari sotib olib berishgan.

Och-nahor va sovqotgan o‘zbekistonliklarni mahalliy kafeda qornilarini to‘yg‘azib, vokzalda boshpana berishgan. Ayni vaqtda barcha yo‘lovchilar uylariga qaytmoqdalar. Transport kompaniyasi vaziyatni hal qilish uchun hech qanday chora ko‘rmagan.
"Buzilgan avtobus hali ham o‘sha joyda turibdi. Uni tuzatishning iloji yo‘q, chunki u eski modeldagi avtobus bo‘lib, kerakli ehtiyot qismlar hech qayerda topilmagan", deb aytildi xabarda.

 

Top