17:52 / 17.05.2017
22611

Fotoreportaj: Xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyeva «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlandi

Bugun, 17 may kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyevaning tavallud ayyomiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi. Unda davlat arboblari, yozuvchi va shoirlar, teatr va kino ijodkorlari, shoiraning yaqin insonlari ishtirok etishdi. 

Tadbirda o‘zbek san'ati va adabiyotini rivojlantirish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy g‘oyalar, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash ishiga katta hissa qo‘shgani, ko‘p yillik samarali ijodiy faoliyati hamda tavalludining 70 yilligi munosabati bilan Halima Xudoyberdiyeva Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlandi. Mazkur ordenni O‘zbekiston Prezidenti Davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov topshirdi.

"Kun" muxbiri mazkur tadbirdan tayyorlangan maxsus fotoreportajni taqdim etadi. 

Ma'lumot o‘rnida: Halima Xudoyberdiyeva 1947 yil 17 mayda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida, dehqon oilasida tug‘ilgan. 1972 yilda hozirgi O‘zbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan. 1972-1994 yillarda “Saodat” jurnalida turli lavozimlarda ishlagan. 

1990-1994 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, 1996-1998 yillarda “Yozuvchi” nashriyoti bosh muharriri, 1998-2003 yillarda “Sanam” jurnali bosh muharriri bo‘lib faoliyat yuritgan. 1992 yilda esa unga «O‘zbekiston xalq shoirasi» degan yuksak unvon berilgan.

Kitoblari: «Ilk muhabbat» (1968), «Oq olmalar» (1973), «Chaman» (1974), «Suyanch tog‘larim» (1976), «Bobo quyosh» (1977), «Issiq qor» (1979), «Sadoqat» (1983), «Muqaddas ayol» (1987), «Yuragimning og‘riq nuqtalari» (1991), «Hurlik o‘ti» (1993), «Bu kunlarga yetganlar bor» (1994), «To‘marisning aytgani» (1996) va boshqalar. 

Feruza Avazova tayyorladi

Top